“Yevro-2024”: Turkiya va Gruziya pley-offda
Germaniyada o‘tayotgan Yevropa chempionatining “E” va “F” guruhlarida 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
“E” guruhidan o‘rin olgan Belgiya hamda Ukraina terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmagan bo‘lsa, Slovakiya — Ruminiya uchrashuvi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Mazkur natijalardan so‘ng ushbu guruhda barcha jamoalar 4 ochkodan jamg‘ardi. Guruhdagi vaziyat esa to‘plar nisbatiga ko‘ra hal qilindi. Unga ko‘ra, Ruminiya va Belgiya birinchi va ikkinchi o‘rin bilan nimchorak finalga yo‘l oldi. Slovakiya esa eng yaxshi uchinchi o‘rin egasiga aylangan bo‘lsa, Ukraina termasi 4-pog‘onada qolib ketdi.
“F” guruhida kutilmaganda Gruziya terma jamoasi 2:0 hisobida Portugaliyani taslim etgan bo‘lsa, Turkiya 2:1 hisobida Chexiyadan ustun keldi.
Shu tariqa Portugaliya va Turkiya guruh peshqadamlari sifatida navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etgan Gruziya 4 ochko jamg‘argan holda eng yaxshi uchinchi o‘rin sohibi sifatida 1/8 finalga chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida: Yevropa chempionatida Niderlandiya, Gruziya, Slovakiya 4 ochko bilan, Sloveniya esa 3 ochko bilan eng yaxshi 3-o‘rin sohiblari sifatida pley-off bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Chempionatning nimchorak final bahslari 29 iyun – 2 iyul kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.
Quyida 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan o‘yinlar ro‘yxati bilan tanishasiz:


29 iyun, shanba:
Shveysariya – Italiya (21:00);
Germaniya – Daniya (23:59.);
30 iyun, yakshanba:
Angliya – Slovakiya (21:00.);
Ispaniya – Gruziya (23:59.);
1 iyul, dushanba:
Fransiya – Belgiya (21:00.);
Portugaliya – Sloveniya (23:59.);
2 iyul, seshanba:
Ruminiya – Niderlandiya (21:00.);
Avstriya – Turkiya (23:59.).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA