“Yetakchi hunarmand ayollar” kengashi tashkil etildi
Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Yetakchi hunarmand ayollar” qanotining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda hunarmandchilik turlarini rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini saqlab, kelajak avlodga yetkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda uyushmaga ko‘maklashayotgan 126 nafar hunarmand ayolning “Yetakchi hunarmand ayollar” kengashi tashkil etilib, uning har bir hududdan jami 16 nafar a’zolari hamda raisi saylandi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, hunarmand-tadbirkor Yulduz Mamadiyorova kengash raisi etib saylandi hamda “Yetakchi hunarmand ayollar” kengashining navbatdagi vazifalari belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Hunarmand” uyushmasi tomonidan sohani rivojlantirish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar to‘g‘risida so‘z bordi.

Jumladan, yig‘ilishda hunarmandlarning o‘z vaqtida xorijiy va mahalliy tadbirlar va hukumatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar kabi ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun uyushma saytining yangidan ishga tushirilgani, hunarmandlarning tajriba almashishi, o‘zaro muloqot qilishlari uchun forum tashkil qilingani, hunarmandlarning Uyushma rahbariyatiga murojaatlarini tez va oson yo‘llashga mo‘ljallangan portalning yaratilgani qayd etildi.
Yetakchi hunarmand ayollarning joylardagi mavjud muammolar haqidagi fikrlari eshitildi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Uyushma rahbari tomonidan ayrim muammolarning yechimi yuzasidan zarur qarorlar qabul qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA