“Yetakchi Camp” loyihasining sakkizinchi mavsumi yakunlandi
Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida respublikamizning turli hududlaridan kelgan 100 nafar yoshlar yetakchisi ishtirokida “Yetakchi Camp” loyihasining 8-mavsumi tashkil etildi.
“Yetakchi Camp” loyihasi O‘zbekistondagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining kasbiy malakasini, intellektual salohiyatini oshirish va shaxsiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan yirik respublika o‘quv-seminari.

Bugungi kunda mamlakatimizda mahalla darajasida yoshlar bilan ishlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va muammolariga yechim topish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimning bosh harakatlantiruvchi kuchi esa, shubhasiz, mahallalardagi yoshlar yetakchilaridir. Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etib kelinayotgan ushbu besh kunlik intensiv loyiha nafaqat tajriba almashish maydoni, balki yangi avlod rahbarlarini tarbiyalayotgan o‘ziga xos mahorat maktabiga aylanib ulgurdi.

Dastur doirasida seminar-treninglar, motivatsion uchrashuvlar, intellektual va sport musobaqalari o‘tkazildi. Amaliy mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilarning liderlik, boshqaruv, jamoada ishlash va samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov bilan ochiq muloqot tashkil etilib, yoshlar yetakchilarining taklif va tashabbuslari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA