Yerdan foydalanishda har bir kun gʻanimat
Chust Namangan viloyatining yengil sanoat, togʻ-kon sanoati, bogʻdorchilik, turizm, milliy hunarmandchilik sohalarida istiqbolli salohiyatga ega tumanlaridan biri hisoblanadi.
Chust Namangan viloyatining yengil sanoat, togʻ-kon sanoati, bogʻdorchilik, turizm, milliy hunarmandchilik sohalarida istiqbolli salohiyatga ega tumanlaridan biri hisoblanadi.
Pandemiya karantini sharoitida aholining ijtimoiy-maishiy shart-sharoiti, tadbirkorlik subyektlari va fermerlar faoliyati barqarorligini taʼminlash maqsadida joylarda bugungi holatni oʻrganib yurgan viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi Chust tumanida boʻlib, mavjud imkoniyatlardan foydalanish jarayonlari bilan tanishdi.
Ishchi guruhi dastlab tumandagi Zarafshon massivida Factory cement masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan sement zavodida boʻldi. Qiymati 20 million dollarga teng loyiha asosida barpo etilayotgan ushbu korxonada yiliga 300 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvati va 200 ta ish oʻrni yaratiladi.
Xitoyning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlanadigan yangi zavodni shu yilni yakuniga qadar ishga tushirish maqsadida qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.
Bundan tashqari, korxonada oyna, boʻyoq va travertin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ham koʻzda tutilgan boʻlib, viloyat rahbari loyiha tashabbuskorlari bilan muloqotda bu yerda kichik sanoat zonasini barpo etish taklifini maʼqulladi va bu borada mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Tumandagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida “Eso Bacalt” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan bazalt tosh asosida mineral paxtasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Niderlandiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga 110 million dollar, jumladan 44 million dollar xorijiy banklar krediti hamda 66 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
250 kishi ish bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan loyiha 2021-yilning uchinchi choragida ishga tushiriladi va “Eso Bacalt” Oʻzbekistonda shu yoʻnalishdagi eng yirik korxonaga aylanadi. Korxonada yiliga ishlab chiqariladigan 50 ming tonna mahsulotning teng yarmini eksport qilinadi.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida barpo etilayotgan yana bir yirik ishlab chiqarish subyekti – “Tai Chang Special Steel” Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida metall prokatlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha umumiy qiymati 50 million dollarga teng loyihaga 15 million dollar tashabbuskor-tadbirkorlar sarmoyasi, 5 million dollar bank krediti va 30 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya sarflanadi.
Ayni paytda mahalliy yoshlardan 100 nafari ish bilan taʼminlangan loyihaning birinchi bosqichini joriy yil uchinchi choragida ishga tushirish koʻzda tutilgan boʻlib, kelgusida jami 800 ta ish oʻrni ochiladi.
Ishchi guruhi qishloq xoʻjaligidagi ishlarning bugungi holati, gʻoʻza parvarishi bilan bogʻliq dolzarb vazifalar ijrosini “Nosirjon Salimovich” va “Chavandoz burgut polvon”, “Namozali Mushtariy” va “Varzik Chamandoz” kabi fermer xoʻjaliklari tomonidan olib borilayotgan ishlar misolida oʻrgandi. Viloyat hokimi dalalarni koʻzdan kechirib, fermerlar ishini tanqid qildi.
–Viloyat ishchi guruhi aʼzolarining aynan shu dalalardagi paxta rivojidan koʻngli toʻlmagani bejiz emas ekan, – dedi X.Bozorov. – Dalaga qarov talab darajasida emas, agrotexnika tadbirlari vaqtida va sifatli oʻtkazilmagan, fermerlarda jonkuyarlik va kuyunchaklik yetishmaydi. Bir paytlar gʻoʻza bu yerlarda koʻrsa havas qiladigan darajada yetilar edi. Hozirgi holatini esa yaxshi deb boʻlmaydi.
Viloyat hokimi shu joyning oʻzida tuman sektorlari rahbarlariga hosil taqdirini hal etadigan bir oy davomida gʻoʻza rivoji uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish, mirishkor dehqonlar va dala ilmi hadisini olgan faxriylar tajribasiga tayanish yuzasidan tavsiyalar berdi.
X. Bozorov tumanda eski va samarasiz ekin maydonlari oʻrnida yangi intensiv bogʻ-tokzorlar tashkil etish loyihalari bilan tanishdi. Umumiy qiymati 33,7 milliard soʻmga teng loyihalarga koʻra, tumanda 2020-yil kuz mavsumida 612 gektar maydonda intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish lozim. Jumladan, 312 gektar yerda asosan yongʻoqzor bogʻlar, 300 gektar maydonda esa xoʻraki, kishmishbop va sanoatbop tokzorlar barpo etish koʻzda tutilgan. Biroq, kuz yaqinlashib qolganiga qaramasdan bu boradagi ishlar hali amalga koʻchmayotganligi viloyat rahbarining jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi:
–Aslida eski va samarasiz ekin maydonlari oʻrnida yangi intensiv bogʻ-tokzorlar tashkil boʻyicha yilning boshida topshiriq berilgan edi. Hozirgacha bu tadbirlar loyihadan nariga oʻtmagan. Vaholanki, kuzgacha ekin maydonlari tayyor boʻlishi va ishlar allaqachon boshlanishi kerak edi, deya masʼullarning sustkashliklariga keskin tanqidiy baho berdi, viloyat hokimi.