Yerali Tugjanov: Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyot sari dadil odimlamoqda
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Istiqlolimizning 35 yilligi bayrami munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tugjanov o‘z tabrigini izhor etdi.
– Mustaqillikning 35 yilligi – bu nafaqat muhim tarixiy voqealar, balki butun bir avlodning bosib o‘tgan yo‘li, ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik va ishonch bilan olg‘a intilish yillaridir. Davlat mustaqilligi Vatan, vatanparvarlik, milliy merosga hurmat kabi tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq.
Ta’kidlash kerakki, Istiqlol yillarida O‘zbekiston ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi va bugun ishonch bilan olg‘a qadam tashlamoqda. Ayniqsa, o‘lkada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berib kelmoqda. Bugun biz qiyofasi tobora yangilanib, yangi korxonalar barpo etilayotgan, jahonga yuz tutayotgan va shu bilan birga Samarqand, Buxoro, Xiva singari qadimiy sivilizatsiya markazlarining bebaho tarixiy-madaniy merosi asrab-avaylanayotgan mamlakatni ko‘rib turibmiz.
Qozog‘iston uchun O‘zbekiston shunchaki qo‘shni yoki strategik hamkorgina emas. Bizni umumiy tarix va madaniyat, qardoshlik rishtalari, til va an’analar, ma’naviy yaqinlik, shuningdek, millionlab insonlarning taqdirlari birlashtirib turadi. Qozoq va o‘zbek xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashab, quvonch va tashvishlarni birga baham ko‘rib kelgan.
Bugun ikki o‘lka liderlari o‘rtasidagi yuksak ishonch va do‘stona munosabatlar tufayli Qozog‘iston – O‘zbekiston strategik sherikligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ishonchim komilki, mamlakatlarimizni hali oldinda ko‘plab mushtarak yutuqlar kutmoqda. Mustahkamlanib borayotgan har tomonlama aloqalar esa xalqlarimizning yanada farovonligiga xizmat qiladi.
Ushbu ulug‘ ayyomda qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ulkan zafarlar tilayman! Mustaqilligingiz abadiy, yurtingiz tinch, Qozog‘iston va O‘zbekiston do‘stligi doimo mustahkam bo‘lsin! Bayramingiz muborak!
O‘.ALIMOV, O‘zA