Yer kimniki – fermernikimi yoki davlatniki?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zagroinspeksiya) tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer resurslaridan foydalanishda qonunchilik ijrosi muntazam o‘rganib boriladi.
Mazkur o‘rganish va nazorat tadbirlari davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga mo‘ljallangan yer resurslarini noqonuniy ravishda egallab olish, undan samarasiz foydalanish singari salbiy holatlar qayd etilmoqda.
Jumladan, inspeksiyaning Toyloq tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida tumanning Uray-Elipok mahallasida yashovchi ikki nafar fuqaro “Tolib Mamatqul” fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan sug‘orib haydaladigan yer maydonining 0,28 gektar qismini o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda uy-joy qurib olgani aniqlandi. Buning oqibatida davlatga 30 million 868 ming so‘m zarar yetgan. Tumanning Navzandak mahallasida yashovchi fuqaro esa “Azizjon Xudoyshukurov bog‘lari” fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan yerdan 0,11 gektar maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda uy-joy qurgan. Bu xatti-harakati bilan fuqaro davlatga 29 million 231 ming 160 so‘m zarar yetkazgan.
“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgarlar hisobidan davlat foydasiga 60 million 99 ming so‘m miqdorida yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida sud qarori qabul qilingan.
Inspeksiyaning Jomboy tuman bo‘limi tomonidan 2020 yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer resurslaridan foydalanishga doir qonunchilik ijrosi yuzasidan 75 marotaba nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Mazkur tadbirlarda 42 holatda yer resurslaridan foydalanishda qonunbuzilishi sodir etilgani aniqlandi.
Jumladan, 19 holatda tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanilayotganligi kuzatildi va sud qarori bilan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi.
16 holatda fuqarolar tomonidan fermer xo‘jaliklari yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olingani va qurilish ishlari amalga oshirilgani aniqlandi. Qurilish osti maydonlar uchun 42 million 628 ming so‘m zarar hisoblanib, sudga da’vo arizasi kiritildi.
Hayron qolasan, kishi. Fuqaro fermerning yerini “o‘zboshimchalik” bilan egallab olibdi ham deylik. Lekin nahotki u egallab olgan yerida imorat qurganini hech kim ko‘rmagan bo‘lsa? Bundan fermer yoki mahalla bexabar qoldimi? Nima uchun bu kabi qonunbuzilish holatlari haqida o‘z vaqtida tegishli organlarga xabar berilmagan? Yoki “qurilishni qilaver-chi, bu yog‘i bir gap bo‘lar” tarzida ish ko‘rilganmi? Qachonki mutasaddi idoralar tomonidan tekshirish o‘tkazilganda, nazorat chog‘ida bu holatlar aniqlanadimi?..
G‘.Hasanov, O‘zA