Yengil tan jarohati yetkazganlik uchun qanday javobgarlik mavjud?
Yengil tan jarohati yetkazganlik uchun aybdor shaxs jarohatning kelib chiqish sababi va yetkazilish og‘irlik darajasiga qarab ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aribbayeva bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga ko‘ra ehtiyotsizlik orqasida yengil tan jarohati yetkazish – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qasddan yengil tan jarohati yetkazish, bu harakat sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatini uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotishga olib kelmagan bo‘lsa, basharti ushbu Kodeksning 59 prim 2 -moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksi 109-moddasiga binoan sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish ushbu Kodeksning 126 prim 1-moddasida (oilaviy zo‘ravonlik) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar, jumladan, diniy taassublar zamirida, bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab, qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Asos: 1.O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi,
2.O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA