YeI Hurmuz orqali yuk tashishga tahdid tufayli Eronga qarshi sanksiya joriy qildi
Yevropa Ittifoqi "Hurmuz bo‘g‘ozida kema harakatiga xavf solayotgan Eronga qarshi sanksiya"ni tasdiqladi. Shu tariqa dengiz yo‘li erkinligini himoya qilishga qaratilgan yangi mexanizm ilk bor qo‘llandi.
Hurmuz orqali yuk tashishga to‘sqinlik qilishda ayblangan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan cheklov to‘g‘risida YeIning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas Kiprda bo‘lib o‘tgan mudofaa vazirlari norasmiy uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.
“Sinxua” agentligi yozishicha, Kallas navigatsiya erkinligi butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa Eronning harakati va dronlar faoliyati tijoriy yuk tashishga xavf tug‘diradigan Hurmuz bo‘g‘ozida tobora ko‘proq bosim ostida qolayotganiga e’tibor qaratgan. YeI vazirlari bunday harakatni qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb baholagan.
Mulozim maxsus ishlab chiqilgan yangi sanksiya mexanizmidan birinchi marta foydalanilayotganini ta’kidladi. Zarur holda mazkur vosita yana qo‘llanishi mumkin ekan.
Yevropa diplomatiyasi rahbari YeIning YeS ASPIDES dengiz missiyasi Qizil dengizdagi savdo kemalarini himoya qilishga qo‘shgan beqiyos hissasini ham ta’kidladi. Bu amaliyot 2024-yil fevralda Yaman xusiylarining dron va raketa bilan savdo kemalariga qarata uyushtirgan muntazam hujumiga javoban boshlangan. Himoyaviy faoliyat yuritadigan ASPIDES Yaman hududiga zarba bermasdan, havodagi tahdidlarni to‘xtatadi. Mintaqadagi kemalar xavf ostida qolgan bir payt, missiya tijorat yuk tashuviga xavfni sezilarli darajada kamaytiradi.
Bundan tashqari Kallas, agar lozim bo‘lsa, ASPIDESni Hurmuz bo‘g‘ozida dengiz xavfsizligi bo‘yicha kengroq hamkorlikka, jumladan, Fransiya va Buyuk Britaniya tashabbusi doirasida jalb qilish taklifini ilgari surdi. Bu masalada muhokama davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroilning Eron bilan mojarosi 100-kunida global savdo markazi hisoblangan Hurmuz bo‘g‘ozidan taxminan 1000 ta kema o‘tgani haqida xabar berilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA