Yaxshilar yodi abadiy-boqiy...
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani Axborot-kutubxona markazida taniqli telejurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Sohibjon Alijonov xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Hayotda shunday insonlar borki, garchi ular oramizdan o‘tib ketsa-da, tiriklik chog‘idagi ezgu amallari, odamlarga qilgan unutilmas yaxshiliklari, o‘z sohasini ulug‘lab, chin professional mutaxassis sifatida yaratgan maktabi sababli elning qalbida abadiy yashaydi.
Taniqli ijodkor, milliy telejurnalistikamizda o‘z nufuzi, baland ovozi va yorqin iziga ega bo‘lgan Sohibjon Alijonov ham insonlar qalbida ana shunday yorqin iz qoldirgan chin vatanparvar, samimiy va betakror inson edi.

30 yil muqaddam... 1996-yil 10-oktabr. Shu kuni vodiydagi “Bag‘dod” telestudiyasida o‘z faoliyatini boshladi va telekanalning ilk ko‘rsatuvi – “Umidli dunyo” dasturini Sohibjon aka, mahoratli jurnalist Ozoda To‘raqulova bilan birgalikda olib borishdi. Bu voqea keyinchalik respublika teleradiokanallarida bosh muharrir va rahbar sifatida tanilgan Sohibjon Alijonov ijodiy faoliyatining ilk debochasi bo‘ldi.
Bu yerdagi ikki yillik faoliyatidan keyin oilasi bilan Toshkent shahriga ko‘chib kelib, ijodini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida davom ettirdi. U turli yillarda “Yoshlar”, “Mahalla”, “O‘zbekiston-24” teleradiokanallarida, shuningdek, Prezident Devonida mas’ul lavozimlarda sermahsul mehnat qildi.
Jurnalistika sohasida suyagi qotgan Sohibjon aka o‘z ijodida jamiyatdagi o‘tkir va eng dolzarb muammolarni turli janrlarda yoritib, ularning hal etilishiga amaliy hissasini qo‘shdi. Yengil yumori ruhi, so‘zning zalvori, o‘quvchi istagini teran anglash – uning tom ma’nodagi ijodiy imzosi edi.
Shu bilan birga, u tug‘ilib o‘sgan Bag‘dod tumani bilan aloqalarini hech qachon uzmadi. Hamkasblari undan poytaxtdagi faoliyatini viloyat televideniyesida davom ettirishini so‘raganida, jurnalist: “Men poytaxtda ishlasam, Bag‘dodga foydam ko‘proq tegadi”, deb javob bergan edi.
Bu so‘zlar uning o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati va tug‘ilgan yurtiga cheksiz mehru-muhabbatini yaqqol ifodalaydi.
Tadbir doirasida tumandagi 65 ta maktab kutubxonalariga muallifning “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar” kitobi taqdim etildi. Uning asosida tuman maktablari o‘quvchilari o‘rtasida joriy o‘quv yilida “Sohibjon Alijonov nomidagi ijodiy tanlov” o‘tkazilishi ma’lum qilindi. 10 nafar g‘olib o‘quvchilarga 1 million so‘mdan pul mukofotlari Navro‘z bayrami arafasida respublikamizdagi taniqli jurnalistlar ishtirokida taqdim etiladigan bo‘ldi.
– Ushbu xayrli tadbirning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida o‘tkazilayotganida ham chuqur ramziy ma’no mujassam. Sababi, Sohibjon aka televideniyeda ishlagan kezlari o‘zbek tilining sofligini saqlash, talaffuzlar to‘g‘riligini ta’minlash, shevachilikka berilishga yo‘l qo‘ymaslik borasida juda talabchan edi, - deydi tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Laziz Rahmatov. – Muallif bu boradagi qat’iy pozitsiyasini o‘z chiqishlarida ifoda etar, ijtimoiy tarmoqlar, saytlar va ko‘cha yozuvlaridagi imlo hamda uslubiy xatolarni jiddiy tanqid qilardi.

– Otamiz bizning nafaqat padari buzrukvorimiz, balki hayot ibratlarini o‘rgatgan birinchi ustozimiz ham edi, - deydi telejurnalist, Sohibjon akaning o‘g‘li Aziz Alijonov. – O‘zlari tug‘ilib, kamol topgan Bag‘dod tumaniga mehrlari ayniqsa bo‘lakcha edi. Juda ko‘p bor, agar vaqtlari bo‘lsa, tuman yoshlari uchun jurnalistika maktabini ochish rejalari haqida menga aytganlar. Bobo va buvimni ko‘rish, yaqinlari diydorini tuyish uchun ob-havo va vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar har oy bir necha bor tumanga kelib-ketardilar. Bugun tadbirda otamiz haqida u kishining hammaslaklari, do‘stu qadrdonlaridan juda ko‘p yangi xotiralar va tafsilotlarni eshitib, qattiq to‘lqinlandim. Kelgusida “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar” kitobini ana shu yangi fikrlar bilan boyitishga qaror qildik.
– Tuman axborot-kutubxona markazida otam o‘zlari o‘qigan 6-umumta’lim maktabining ustoz va o‘quvchilari, tengdoshlarini ko‘rib qalbim nurga to‘ldi, - deydi muallifning farzandi, filologiya bo‘yicha falsafa doktori Sadoqat Sohibjon qizi. – Otalarimiz biz uchun jonini ham berishga doim tayyor bo‘ladi, qiyinchilik bilan pul topib, o‘qitadi. Biz ham ularning xotirasini doim yod etish chin farzandlik burchimizdir. Men yaqinda Urgut tumanida otamning ustozi Abdusaid Ko‘chimov nomidagi kutubxona ochilganini eshitib, biz ham ma’rifat tarqatadigan ana shunday ezgu ishlarni qila olamizmi, deb savol bergan edim. Bugun otam o‘qigan maktabga “Qanot” loyihasi homiyligida 100 dona sara badiiy kitoblar taqdim etdik. Yil oxirigacha yana 200 ta kitob keltiramiz.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif va “Qanot” loyihasining tashabbusi bilan shu yilning 24-oktabr kuni Qibray tumanida jurnalistlar o‘rtasida “Sohibjon Alijonov nomidagi shaxmat turniri”ni tashkil etayapmiz va u kishining porloq xotirasini abadiylashtirish ishlarini tizimli davom ettirish niyatidamiz.
Darhaqiqat, tele va gazeta jurnalistlari qismati og‘ir. Ko‘pincha, ularning ijodiy ishlari ekran va sahifa yuzini ko‘radi va arxivlarda qolib ketadi. Shu ma’noda Sohibjon Alijonovning farzandlari otasi ijodiy ishlarini bir to‘plamga jamlab, uni muttasil boyitib borish haqida qayg‘urayotgani, respublikamiz miqyosida turli xotira kechalari, tanlov va turnirlar orqali “ikkinchi umr” baxsh etayotgani ibratli hodisadir.
Lola Jo‘rayeva,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi