Yaxshi xabar
“Eng ilg‘or jangchi – 2026”: O‘zbekiston harbiylari AQSHda rekord natijalar bilan g‘alaba qozondi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Ilhom Salomov va III darajali serjant Turdimurod Avlayev joriy yilning 16 – 18-mart kunlari AQSHning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or jangchi – 2026” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi, – deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommukinatsiyalar departamenti xabarida.

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (8 ta mashqni o‘z ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarni yechishga qaratilgan majmuaviy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, NATO namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, nom’alum hududga vertolyot aviatsiyasini chaqish va uning yordamida ob’ektga yetib borib arqon yordamida tushish hamda kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi 13 ta shartni muvaffaqiyatli bajardi.

Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs – 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda III darajali serjant Turdimurod Avlayev jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarni o‘zida jamlagan majmuaviy to‘siqlar yo‘lagini 10 daqiqayu 34 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Ilhom Salomov tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash shartini 59 daqiqada bajarishga muyassar bo‘ldi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.

Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DI9aC4tNMJg" title="“Eng ilgʻor jangchi – 2026”: O‘zbekiston harbiylari AQSHda rekord natijalar bilan yana g‘alaba qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Z.JONIBEKOV,
Yo.MELIBOEV (video),
O‘zA