Yaxshi dam – mehnatga hamdam
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli o‘quv markazida Farg‘ona davlat universiteti harbiy fakulteti kursantlari ishtirokida “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Yaxshi dam – mehnatga hamdam” shoiri ostida o‘tazilgan ushbu bellashuv davomida harbiy xizmatchilar va universitet kursantlari jamoalari “Tanishuv”, “Harbiylar hayotidan bir kun”, “Sardorlar bellashuvi” va “Erkin mavzu” kabi to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

– bugungi tadbirdan barchaning kayfiyati yuqori. Zero, bellashuvni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiylar va kursantlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona muhitni shakllantirish, ularning xordiqlarini mazmunli tashkil etish sanaladi, – deydi mayor Jasurbek To‘laganov.
– Hazil-mutoyibalar bilan dillarga xushnudlik ulashgan kursantlar o‘quv markazimizda yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Aminmanki, bunday tadbirlar bizga munosib izdoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Men ham harbiy bo‘laman
Yoshlar hal qiluvchi kuch. Yangi O‘zbekistonning yangi avlodini har tomonlama barkamol, yuksak salohiyatli etib tarbiyalash, ularni yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan ulg‘ayishga chorlash maqsadida, respublikamiz bo‘ylab keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabida ham o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Men ham harbiy bo‘laman” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi. DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Farg‘ona tumanidagi bo‘linma harbiylarining tashrifi, ularning o‘zlariga yarashib turuvchi liboslari, davlat chegarasi qo‘riqlovida foydalanilayotgan qurol-aslahalar namoyishi, o‘z yo‘riqchisining buyruqlarini bekamu-ko‘st bajarayotgan xizmat itlari ishtirokidagi chiqishlar o‘quvchi yoshlarga katta taassurot qoldirdi.
O‘z navbatida yoshlar ham jasoratu, mardlikni tarannum etuvchi badiiy chiqishlari bilan tadbir qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Barno Meliqulova,
O‘zA