"Yashil shaharlar" safida: Toshkent va Samarqand FAOga qo‘shildi
Toshkent va Samarqand global "Yashil shaharlar" tarmog‘iga qo‘shildi. Bu qadam shaharlarimizni iqlim o‘zgarishlariga chidamli, sog‘lom va ko‘kalamzor makonga aylantirib, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda yashil maydonlarni kengaytirish, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish va iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar doirasida Toshkent va Samarqand shaharlari BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi. Bu bilan Toshkent va Samarqand yanada yashil, sog‘lom, barqaror va inklyuziv shahar muhitini rivojlantirish yo‘lida hamkorlik qilayotgan umumbashariy shaharlar safidan joy oldi.

Ushbu tarmoq kompleks shahar ko‘kalamzorlashtirish yondashuvlari orqali barqaror shahar rivojlanishini ilgari suradi hamda a’zo shaharlar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. FAOning Yashil shaharlar tashabbusi (Green Cities Initiative – GCI) 2020-yilda boshlangan. Tashabbusning asosiy maqsadi – 2030-yilga qadar 1000 ta shaharda xalqaro mezonlarga tayangan holda barqaror ekologik infratuzilmani shakllantirish, shaharlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish, ularni ekologik toza va inson salomatligiga mos rivojlantirishdan iborat.
Yashil shaharlar tashabbusi (GCI) uchta o‘zaro bog‘liq maqsadli yo‘nalishni qamrab oladi:
"Shahar va shahar atrofi o‘rmon xo‘jaligi". - Bu yo‘nalishda shaharlarda daraxtlar va yashil infratuzilmani strategik rejalashtirish hamda boshqarish tadbirlari amalga oshiriladi. Natijada shahar mikroiqlimi tartibga solinib, havo va suv tozaligi yaxshilanadi.
"Shahar va shahar atrofi qishloq xo‘jaligi". - Bunda oziq-ovqat mahsulotlarini shaharlarga yaqin hududlarda yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlash maqsad qilinadi.
"Barqaror agroiqtisodiyot". - Ushbu yo‘nalish biologik resurslarni qayta tiklanadigan tarzda ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, chiqindilarni minimallashtirish hamda yashil ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
FAOning Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zolik Toshkent va Samarqand shaharlariga qator muhim imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, texnik ko‘mak olish, salohiyatni rivojlantirish, bilim va tajriba almashish, shaharlararo hamkorlik platformalarida faol ishtirok etish, global ekologik kun tartiblariga muvofiqlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘mak olish shular jumlasidandir. Shuningdek, bu a’zolik sheriklik aloqalarini rivojlantirish, resurslarni safarbar etish, sarmoyalarni jalb qilish va yetakchi shaharlar sifatida xalqaro darajada barqaror shahar yechimlarini ilgari surishga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus shaharlarimiz uchun yashil hududlarni to‘liq raqamli inventarizatsiya qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini ilg‘or xalqaro metodologiya asosida boshqarish, issiqlik ta’sirini sezilarli kamaytirish hamda nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rinni yaxshilash kabi bir qator muhim va strategik natijalarga erishishga zamin yaratadi.
Tarmoq doirasidagi hamkorlik FAO Yashil shaharlar kommyunikesi hamda FAOning Yashil shahar tamoyillari va mezonlariga asoslanadi. Yashil shaharlar kommyunikesi 2025-yilda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro Yashil shaharlar konferensiyasida taqdim etilgan bo‘lib, yashil shaharlar global harakatini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlar va jamoaviy majburiyatlarni ifodalaydi. FAOning Yashil shahar tamoyillari va mezonlari esa Yashil shaharlar tashabbusining konseptual asoslari va yo‘naltiruvchi tamoyillarini belgilaydi.
Yaqin kunlarda FAOning Yashil shaharlar tashabbusi kotibiyati dastlabki o‘zini o‘zi baholash jarayoni bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnomalarni taqdim etadi. Ushbu jarayon shaharlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va ularning ehtiyojlariga mos texnik ko‘makni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA