“Yashil shahar”aksiyasi boshlandi
Daraxtlar shahar hokimligining tasarrufiga olinib, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan parvarishlanadi.
Buxoro shahrida “Yashil shahar” aksiyasi oʻtkazilmoqda.Xayrli tadbirda koʻngillilar va landshaft sanʼati mutaxassislari ishtirok etdi. Ark qalʼasining yon-atrofiga KNAUF kompaniyasi tomonidan xarid qilingan 3-4 yoshli 200 ta daraxt koʻchatlari ekildi.
Daraxtlar shahar hokimligining tasarrufiga olinib, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan parvarishlanadi.
Koʻchatlarni toʻgʻri ekish ishlari landshaft sanʼati assotsiatsiyasi mutaxassislari tomonidan nazorat qilinadi. Ular koʻchatlar uchun chuqurliklarning toʻgʻri qazilganligi, oʻgʻitlarning aniq miqdorini va koʻchatlarni ekish boʻyicha mahorat darsini oʻtkazishdi.
– KNAUF kompaniyasi shaharni yana-da obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy tashabbuslarda faol ishtirok etib kelmoqda, – deydi korxonaning Oʻzbekistondagi rahbari Dmitriy Deripalko. – “Yashil shahar” aksiyasi doirasida biz koʻchatlarning shunchaki ekilishini emas, balki ularning yerga moslashishini, yaxshi ildiz otishini va koʻp yillar davomida salqinlik manbai boʻlib qolishini istaymiz. Koʻchatlar turlarini tanlashda landshaft sanʼati assotsiatsiyasi mutaxassislarining ishtiroki juda muhim va oʻrinli boʻldi. Ular Buxoroning shoʻr tuproqlariga yaxshi moslashgan lenkoran akatsiyasi, shumtol, chinor va pavlovniya kabi koʻchatlarni tanlashdi.
Ark yon-atrofidagi hududdan tashqari daraxtlar yana Qoʻsh madrasasi ansambli atrofida hamda voha aholisi yashovchi mikrorayonlarda ekiladi.
Koʻkalamzorlashtirish aksiyasida viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Farhod Umarov ham ishtirok etdi. Barchani ana shu xayrli ishda faol boʻlishga, Koʻhna va boqiy Buxoroni yana-da obod qilishda oʻz hissasini qoʻshishga chaqirdi. Shuningdek, oʻtqazilgan koʻchatlarni parvarishlash, ularni payhon qilishdan saqlash maqsadida masʼullarga qator tavsiya va topshiriqlar berildi. Aksiya davomida belgilangan hududlarga koʻchatni yetkazish, oʻtqazish va ularni toʻliq undirib olish uchun sugʻorish ishlarini tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
“Yashil shahar” aksiyasi doirasida birgina shahar hududiga 40 mingdan ziyod daraxt koʻchatlarini oʻtqazish rejalashtirilgan.


