“Yashil makon” umummilliy dasturi amalda
Mamlakatimizda joriy yilning 25 oktyabridan 1 dekabrigacha “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi o‘tkaziladi. Mavsum boshlanishi oldidan Urganch tumanida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, madaniyat va san’at namoyandalari, taniqli sportchilar, yoshlar ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Xorazm viloyatida 6 million 200 ming dona ko‘chat zaxirasi mavjud. Shovot tumanining “Anor” fermer xo‘jaligida 2 million tup viloyat iqlim sharoitiga mos gujum ko‘chati yetishtirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida har yili viloyatimiz hududiga 14 million dona manzarali, mevali va buta ko‘chatlari ekilishi belgilangan bo‘lib, joriy yil kuz mavsumida jami 6 million 156 ming dona ko‘chat ekilishi rejalashtirildi.
Seminarda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, kuzda ekish uchun yetarli miqdorda vohamizning tuproq hamda iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilgani, asosiy vazifa ko‘chatlarni belgilangan muddatda o‘tqazish va to‘g‘ri parvarishlashni yo‘lga qo‘yishdan iborat ekanligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida nuroniylarning ezgu tilaklari bilan ko‘chat ekishga kirishildi. Xususan, iqlim sharoitiga mos daraxt turlaridan asosan gujum, tut, terak, jiyda, katalpa, shumtol, yapon saforasi kabi 17 turdan ziyod nihollar ekilishi belgilab olindi.
[gallery-14192]
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari