"Yashil makon" harakati Farg‘onani qoplab oldi
O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi izchil davom etmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur tashabbus doirasida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘z chiqishida “Yashil makon” nafaqat daraxt ekish aksiyasi, balki xalqimizning tabiatga munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan muhim harakat ekanini ta’kidladi va har bir hududda ko‘chat ekish, ularni parvarish qilish va yashilliklarni asrash masalasiga alohida mas’uliyat bilan yondashish zarurligini qayd etdi.

Farg‘ona viloyatida ham mazkur umummilliy loyiha doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat shahar va tumanlarida bahor mavsumida millionlab ko‘chatlar ekilib, yangi bog‘lar va yashil hududlar barpo etilmoqda. Ayniqsa, yo‘l yoqalari, aholi yashash manzillari va ijtimoiy ob’ektlar atrofini obodonlashtirishga katta e’tibor qaratilgan.

Mahallalarda aholi faol ishtirok etmoqda. Yoshlar, nuroniylar va turli tashkilotlar vakillari birgalikda ko‘chat ekish tadbirlarida qatnashib, hududlarni yanada obod va ko‘rkam qilishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu esa jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, Farg‘ona tumani “Yuqori archa” MFY hududidagi 105 gektar maydonda “yashil bog‘” va “yashil belbog‘” barpo etish ishlariga kirilishdi.

Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan davr mobaynida viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 140 gektar yashil bog‘lar, 170 gektar jamoat parklari, shuningdek shahar va tumanlar atrofida 26 gektar “yashil belbog‘"lar barpo etildi. Shuningdek, Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida iqlim sharoitiga mos 100 ming tupdan ziyod manzarali ko‘chatlar ekildi.
Joriy yilda viloyatda jami 15,2 million dona, jumladan, bahor mavsumida 5,6 million dona manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Buning uchun ko‘chatxonalarda 40 million donadan ziyod ko‘chat zaxirasi yaratildi. Hozirga qadar esa viloyat bo‘yicha 6,5 million tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi.

Farg‘ona viloyatida “Yashil makon” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar faqat ko‘chat ekish bilan cheklanib qolmayapti. Ekilgan daraxtlarni sug‘orish tizimini yaxshilash, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, parvarish ishlarini muntazam tashkil etishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Shu orqali ekilgan ko‘chatlarning saqlanib qolishi va rivojlanishi ta’minlanmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi ishlar nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilaydi, balki iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish, havo sifatini oshirish va aholi salomatligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus har bir fuqaroni tabiatni asrash va uni boyitishga da’vat etayotgani bilan ahamiyatlidir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA