“Yashil makon”: ekilgan ko‘chatlarning kelajagi kafolatlanganmi?
Ko‘chat ekish ulug‘ va savobli amal. Biroq yangi niholni tirik daraxtga aylantirish uchun muntazam parvarishlash, zararkunandalardan himoya qilish va uning o‘sishi uchun sharoit yaratish talab etiladi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning issiq va quruq iqlimida bu masala yanada dolzarb. Suv resurslariga bosim kuchayib borayotgan bir paytda har bir ekilgan daraxt uchun suvni qayerdan va qanday yetkazib berish masalasi ham oldindan hisobga olinishi zarur.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishlariga milliy yechim sifatidagi dolzarb loyihadir. Ushbu loyiha zamirida avtomobil va turli rusumdagi mashinalar, logistika va texnika vositalari qurshovida qolgan makonga asl tabiatni tuhfa etish, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish yotibdi. Ushbu tashabbus 2021-yildan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida bugunga qadar har yili bahor va kuz mavsumlarida minglab mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Prezident Farmoniga ko‘ra, yurtimizdagi aholi yuradigan asosiy trotuarlarda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish belgilangan.
Daraxtni ekish davlat tashkiloti, mahalla yoki korxona tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin. Ammo uni asrash madaniyati har bir insonning kundalik odatiga aylanmasa, ekilgan niholning kelajagi kafolatlanmaydi. Ko‘chatni sindirmaslik, daraxt tagiga chiqindi tashlamaslik, suvni isrof qilmaslik, yashil hududlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish — ekologik madaniyatning eng oddiy, ammo muhim ko‘rinishlaridir. Bu madaniyat oilada shakllanadi. Bola daraxtni shunchaki ko‘kalamzorlik emas, tirik tabiatning bir qismi sifatida qabul qilsa, keyinchalik unga munosabati ham boshqacha bo‘ladi.
Bugun shaharlarda daraxt soni qancha ekani emas, ularning qanchasi yashab qolayotganligi ham muhim masalaga aylanmoqda. Chunki iqlim o‘zgarishi, havo haroratining ortishi, suv tanqisligi va cho‘llanish jarayonlari sharoitida har bir yashil hududning ekologik qiymati tobora oshib bormoqda. O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilayotgani ham ana shu ehtiyoj bilan bog‘liq. Ammo bu tashabbusning haqiqiy samarasi faqat mavsumda qancha ko‘chat ekilgani bilan emas, balki ularning keyingi taqdiri bilan belgilanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish zarurligini ta’kidlab, tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish vazifasini belgiladi. Bu vazifa faqat ekologik ko‘rsatkichni yaxshilash emas. U shaharlarni kelajakdagi iqlim sharoitiga moslashtirish bilan ham bog‘liq.
Yashil hudud haqida gap ketganda, suv masalasini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Chunki daraxt ekish va suvdan oqilona foydalanish bir-biridan ajralmas jarayon. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish, shaharlarda yashil hududlarni sug‘orishda samarali usullardan foydalanish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish ekologik siyosatning o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlaridir. Demak, “Yashil makon”ning kelajagi nafaqat qancha ko‘chat ekilishiga, balki suv resurslaridan qanchalik oqilona foydalanilishiga ham bog‘liq.
Xo‘sh, ekologik madaniyat qayerdan boshlanadi?
Daraxtni ekish davlat tashkiloti, mahalla yoki korxona tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin. Ammo uni asrash madaniyati har bir insonning kundalik odatiga aylanmasa, ekilgan niholning kelajagi kafolatlanmaydi. Ko‘chatni sindirmaslik, daraxt tagiga chiqindi tashlamaslik, suvni isrof qilmaslik, yashil hududlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish — ekologik madaniyatning eng oddiy, ammo muhim ko‘rinishlaridir. Bu madaniyat oilada shakllanadi. Bola daraxtni shunchaki ko‘kalamzorlik emas, tirik tabiatning bir qismi sifatida qabul qilsa, keyinchalik unga munosabati ham boshqacha bo‘ladi. Maktab, mahalla va jamoatchilikning ekologik tadbirlarda ishtirok etishi esa bu tushunchani yanada mustahkamlaydi.

“Yashil makon”ning eng muhim natijasi nima?
Loyihaning natijasini faqat ekilgan ko‘chatlar soni bilan o‘lchash bir tomonlama yondashuv bo‘lishi mumkin. Aslida natija bir necha yildan keyin ko‘rinadi: qancha nihol daraxtga aylandi, yashil hudud qancha kengaydi, shahar muhiti qanchalik o‘zgardi, aholi bu jarayonda qay darajada ishtirok etdi? Shuning uchun ekologik tashabbuslarni baholashda “qancha ekildi?” degan savol bilan birga “qanchasi saqlandi?” degan savol ham berilishi kerak. Bu yondashuv “Yashil makon”ning mazmun-mohiyatini yanada kengaytiradi. Chunki gap bir kunlik tadbir haqida emas, yillar davomida yashaydigan yashil muhitni yaratish haqida bormoqda.

Iqlim o‘zgarishi, issiq to‘lqinlari, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi jarayonlar O‘zbekiston uchun ham ekologik barqarorlik masalasini yanada muhim qilib qo‘ymoqda. Bunday sharoitda har bir daraxtning qiymati ortadi. Bir gektar yashil hudud, bir ko‘cha bo‘ylab ekilgan daraxtlar qatori yoki mahallada saqlab qolingan ko‘p yillik daraxtlar — bularning barchasi shahar va aholi yashash muhitining bir qismi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tabiatga munosabat — xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichi. Bu fikrni “Yashil makon”ning asosiy mezoni sifatida qabul qilish mumkin. Chunki ekologik madaniyat faqat tabiat haqida gapirish bilan emas, unga munosabatimizda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, “Yashil makon” — bu faqat daraxt ekish emas. Bu shaharlarni kelajakka tayyorlash, suvdan tejamkor foydalanish, mavjud daraxtlarni asrash va jamiyatda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish jarayonidir. Eng muhimi, bugun ekilgan niholning ertaga daraxt bo‘lib, undan keyingi avlodga soya berishi uchun uni bugundan asrash kerak. Zero, kelajakning yashilligi bugungi munosabatimizdan boshlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA