“Yashil kelajak” uchun yangi tajriba
Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni mustahkamlash, cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish va yashil hududlar ko‘lamini kengaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – Green University huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida gujum, Pissard olchasi va jiyda daraxtining biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda uning o‘sish sur’atini oshirish, barqaror va sifatli ko‘chatlar yetishtirishga qaratilgan innovatsion ilmiy-amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Tajriba doirasida ko‘chatxonadan olingan 1000 tup bir yillik qayrag‘och va bodomning payvandtag ko‘chatlari maxsus agrotexnik usullar asosida tayyorlandi. Mutaxassislar tomonidan ko‘chatlarning ildiz qismi 10–15 santimetrga qisqartirilib, ildiz tizimini faollashtirish va ko‘chatlarning yangi muhitga tez moslashishini ta’minlash maqsadida zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, gujum va Pissard olchasi daraxtlarining sog‘lom, kasallik belgilari kuzatilmagan hamda intensiv o‘sish xususiyatiga ega bir yillik novdalari saralab olinib, payvandtaglarga “yorma payvand” usulida payvandlash ishlari bajarildi. Payvandlarning muvaffaqiyatli tutib ketish ehtimolini oshirish maqsadida 10–15 kun mobaynida nam holatdagi yog‘och qipig‘i muhitida belgilangan agrotexnik talablar asosida saqlandi.
Tajribaning keyingi bosqichida joriy yil aprel oyining birinchi o‘n kunligida ochiq maydonlarga 1000 tup gujum va Pissard olchasi ko‘chati bilan bir qatorda 50 ming dona jiyda qalamchasi innovatsion uslubda ekildi. Jiydaning tanlanishi ham bejiz emas. U qurg‘oqchilik, yuqori harorat va sho‘rlangan tuproqqa chidamli bo‘lib, Orolbo‘yi kabi murakkab tabiiy sharoitlarda yaxshi o‘sish xususiyatiga ega.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jiyda nafaqat yashil hududlarni kengaytirish, balki tuproq holatini yaxshilash, shamol va qum ko‘chishining oldini olish hamda ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, jiydaning ildiz tizimi tuproq tarkibini boyitish xususiyatiga ega bo‘lib, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklashda samarali biologik vosita sifatida qaralmoqda. Shuningdek, u asalarichilik, bioxilma-xillikni saqlash va himoya daraxtzorlarini tashkil etish uchun ham muhim ekologik ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda ko‘chatxonada agrotexnik parvarish ishlari muntazam olib borilmoqda. Ushbu innovatsion yondashuv natijasida yuqori sifatli ko‘chatlar yetishtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada kengaytirish hamda shahar va tuman markazlarida ekologik barqaror yashil hududlar maydonini sezilarli darajada oshirishga hissa qo‘shish ko‘zda tutilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.