“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish tezlashmoqda
Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga ikki mavsumda daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, yashil maydonlar hajmi kengaytirilayotgan bo‘lsa, “yashil” energiya manbalaridan foydalanish natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab qondirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 27 yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi ta’kidlangan edi.
Albatta, yil sayin aholi sonining o‘sib borishi, maishiy texnikalardan foydalanish, yangidan-yangi sub’ektlarning tashkil etilishi va boshqa mezonlar elektr energiyaga bo‘lgan talabning ortishiga olib keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030 yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Bu hozirgidan 1,7 baravar ko‘p, deganidir.

Shundan kelib chiqib, yurtimizda 2030 yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda hududlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish maqsadida bojxona organlari tomonidan ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bojxona boshqarmasida alohida Ishchi guruh tashkil etilib, har bir tuman, shaharlarga mas’ul xodimlar biriktirilgan.
– Ushbu Ishchi guruhning asosiy vazifasi quyosh panellari o‘rnatilgan ob’ektlar bo‘yicha to‘liq va haqqoniy ma’lumotlarni “Yashil” energiya axborot tizimiga kiritib borilishini nazorat qilishdan iborat, – deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Akbar Rizoqulov. – Bugungi kunga qadar Navoiy viloyati bo‘yicha 4256 ta ob’ektga 56,9 mVt quyosh panellari o‘rnatilib, “Yashil” energiya axborot tizimiga kiritilgan. Jumladan, 817 ta ijtimoiy soha va davlat idoralariga 25,3 mVt, 1198 ta tadbirkorlik sub’ektlariga 23,8 mVt, 2177 ta aholi xonadonlariga 6,6 mVt va 64 ta ko‘p qavatli uylarga 1,2 mVt lik panellar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, Ishchi guruh a’zolari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish, ularga beriladigan imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida targ‘ibot qilish ishlari ham olib borilmoqda. Natijada 10 ga yaqin to‘qimachilik korxonalariga 500 kVtdan ortiq quyosh panellari o‘rnatildi.
Shuningdek, 2021 yilda Karmana tumanida quvvati 100 mVt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu yerda yiliga 252 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, Tomdi tumanida 500 mVtli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Bu ham elektr energiyasiga bo‘lgan talabning bir qismini qoplashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettirilib, bunga 2 trillion so‘m kredit ajratiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri