Yaponiyalik turoperatorlar Surxondaryoning turizm salohiyati bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatining boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda xorijiy sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Yaponiyaning yetakchi turkompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaning vohaga tashrifi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimligi va turizm sohasi mas’ullari tomonidan kutib olindi. Mehmonlarga hududning tarixiy obidalari, madaniy merosi va turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari uchun info-turlar tashkil etilib, Surxondaryoning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik maskanlari namoyish etildi. Mehmonlar Al-Hakim at-Termiziy majmuasi, Zurmala, Fayoztepa va Qoratepa arxeologik yodgorliklarida bo‘lib, mazkur ob’ektlarning tarixi va turistik ahamiyati bilan tanishdi.
[gallery-30044]
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Sherobod va Boysun tumanlaridagi diqqatga sazovor maskanlarga tashrif buyurib, hududning o‘ziga xos tabiati, milliy qadriyatlari va turizm salohiyatini o‘rgandi.
Tashrif yakunida yaponiyalik turoperatorlar vohaning boy tarixiy merosi, betakror tabiiy manzaralari va turizm imkoniyatlari ularda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, Surxondaryoning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligini oshirish hamda hududga xorijiy sayyohlarni jalb etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA