Yaponiya va AQSH 21 milliard dollarlik chip zavodi barpo etadi
Yaponiya Nyu-Yorkda ikkita yarim o‘tkazgich zavodi qurish uchun 21 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi.
“Global Foundries” kompaniyasi tomonidan boshqariladigan bu zavodlarga AQSH hukumati va Yaponiya investorlari hamkorlikda egalik qiladi. Bu tashabbus o‘tgan yil Tramp ma’muriyati bilan erishilgan kelishuvning bir qismi bo‘lib, AQSHga 550 milliard dollar sarmoya kiritishni nazarda tutadi. Buning evaziga Yaponiya avtomobillari va boshqa tovarlari uchun boj 25 foizdan 15 foizga tushadi.
Bu yangilik ortidan Abu-Dabining “Mubadala Investment” suveren jamg‘armasiga tegishli “Global Foundries” kompaniyasi aksiyasi 4 foizdan ko‘proq qimmatlashdi va yil boshidan beri o‘sish 39 foizga yetdi.
Rejaga ko‘ra, birinchi zavod qurilishi joriy yil boshlanadi, mahsulot ishlab chiqarish 2029-yilga mo‘ljallangan. Ikkinchi zavod tiklanishi bo‘yicha qaror 2028-yil oxirigacha qabul qilinadi. Dastlabki korxona to‘liq quvvatga erishgach, yiliga 900 000 ta 300 millimetrli plastina ishlab chiqariladi va shtatda 1000 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ilgari AQSH hukumati “Global Foundries” kompaniyasida 3 foiz ulushga ega edi. Endi bu miqdor 7 foizga yetkazilib, 2 milliard dollardan oshadi. Loyihani to‘liq Yaponiya moliyalashtiradi.
Prezident Donald Tramp bu haqda gapirar ekan, o‘z ma’muriyati davlat grantini mamlakat uchun real daromadga aylantirgan birinchi jamoa bo‘lganini ta’kidladi. Investorlar bilan uchrashuvda kompaniya rahbariyati ushbu kelishuv “Global Foundries” uchun kamida 20 yil davomida doimiy daromad keltirishi, kelasi yilning o‘zidayoq qurilishni boshqarish uchun 50 million dollar xizmat haqi olinishini ma’lum qildi.
Zavod mahsulotining dastlabki xaridorlari orasida Yaponiyaning “Renesas Electronics” va AQSHning “Apple” kompaniyalari bor. Bundan tashqari “Global Foundries” AQSH hukumati tomonidan ilgari ajratilgan 955 million dollarlik grantni Nyu-York va Vermontdagi mavjud zavodlarda kremniy fotonikasi hamda ilg‘or chip qadoqlash texnologiyasi rivojiga yo‘naltiradi. Kun chiqar yurt sarmoyasining bir qismi “Tokyo Electron” kabi yapon uskuna ishlab chiqaruvchilariga ham qaytadi. Yaponiya savdo vaziri Ryosey Akazava bu hamkorlik ikki mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashda juda muhimligi, loyihalar mamlakat manfaatiga to‘liq javob berishini ta’kidladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA