Yangiyo‘lda elektr-skuter ishlab chiqariladi
Toshkent viloyati delegatsiyasi xorij davlatlariga xizmat safari davomida o‘zaro iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatmoqda. Xususan, hudud ishbilarmon vakillari tomonidan Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifida qiymati 6,2 milliard dollarlik jami 91 ta investitsiya kelishuvlarga erishilgan edi.
Jumladan, Yangiyo‘l tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan korxona mazkur sa’y-harakatlarning mevasidir. Xususan, Xitoyning “ECOMOTO” xorijiy kompaniyasi tomonidan elektr-skuter ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Tuman hokimi O.Ataullayev investorlar bilan uchrashib, yangi tashabbus yuzasidan memorandum imzoladi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10,0 million dollar xorijiy investitsiya kiritiladi. Natijada 2025 yilning 2-choragidan boshlab Yangiyo‘l tumanida tashkil etiladigan korxonada zamonaviy va raqobatbardosh elektr-skuterlar ishlab chiqarilishi boshlanadi. O‘z navbatida 50 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.


Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu yil iyul oyi holatiga hududda umumiy qiymati 1,0 million dollarlik 12 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va 197 nafardan ortiq ishsizlar bandligi ta’minlandi. Yil yakunigacha rejadagi 33 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi va hududning investitsiya salohiyati ortadi.
A.Musayev,O‘zA.