Yangiyerda "Yangi O‘zbekiston"massivi qad rostlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi "Yangi O‘zbekiston" massivini qurish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida 2022-2024 yillarda Yangiyer shahrida jami 16 gektar yer maydonida "Yangi O‘zbekiston" massivi barpo etilishi belgilangan.
Shu asosda Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar, Jomiy MFY hududida qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish ishlari davom etmoqda.
Massivda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan bank kredit mablag‘larini jalb qilgan holda 50 ta 1000 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda joriy yilda 20 ta 5 qavatli 400 xonadonli turar joy binosi bilan birga, 25 o‘rinli mehmonxona, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, mahalla markazi, ekobozor, kovorking markazlari quriladi.
Tanlangan yer uchastkalari onlayn auksion savdo platformasida pudratchi tashkilotlar tomonidan xarid qilinib, bugungi kunda ushbu ob’ektda qurilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu uy-joylarni olish uchun shaharda 1 700 ta oila ro‘yxati shakllantirilgan. Dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida ajratish bo‘yicha 2022 yilda 150 ta xonadonga jami 16,4 mlrd. so‘m miqdorida ajratiladi.

Mazkur uy-joylarga tortiladigan tashqi kommunikatsiya tarmoqlaridan 0,7 km. yo‘l qurilishi, 3,5 km. ichimlik suv va 2,8 km. oqova suv, 4 km elektr, 5 km gaz tarmoqlarini tortish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan.
Ma’lumot berishlaricha, joriy yilda ushbu uylarning 16 tasini (80%) 1-noyabrgacha, 4 tasini (20%) 31 dekabrgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari 2023 yilda 1 ta 990 o‘rinli umumta’lim maktabi, 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika, 180 o‘rinli bolalar bog‘chasi kabi ijtimoiy ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan.
bugungi kunda massivda 13 ta pudratchi tashkilot qurilish ishlarini olib bormoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA