Yangiyer shahrida daraxtlarga yaxob suvi berilmoqda
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri ko‘hna Mirzacho‘l bag‘rida barpo bo‘lgan eng xushmanzara maskanlar sirasiga kiradi. Bir paytlar Yangiyer shahri o‘zining industrial salohiyati, xushmanzara va yashilligi bilan o‘ziga xos edi.

– Shaharni avvalgi yashil maskan holatini tiklash uchun davlatimiz rahbarining "Yashil makon" umummilliy loyihasi ayni muddao bo‘ldi, – deydi Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov. – Shaharning barcha hudud va mahallalarida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida o‘tgan yili kuz faslida 45 500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan edi. Bahorda loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilib, yana 44 000 tup manzarali va mevali ko‘chatlar ekishni rejalashtirganmiz.
Shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari ayni paytlarda shahardagi mavjud dov-daraxt va nihollarga yaxob suvi berish bilan mashg‘uldir.

– Yaxob suvi ekin maydonida nam zaxirasini hosil qilish va ekinlar unib chiqishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratib, shu bilan birga tuproqdagi tuzlarni ham yuvadi. – deydi Yangiyer shahar Obodonlashtirish boshqarmasi agronomi Shoxruh Xolmatov. – Yaxob suvi berilganda yerning muzlashi hisobiga o‘simliklarda kasallik va zararkunandalar, kasallik chaqiruvchi zararli zamburug‘lar nobud bo‘ladi. Yaxob suvi berish daraxt tanasida qishlaydigan zararkunanda va zamburug‘larning yo‘q bo‘lishiga, kasallikka chidamlilikni oshirishda, yozning chillasida tez chanqab qolmasligida muhim ahamiyatga ega.
Shuhrat Suyarov, O‘zA