Yangilanishlar og‘ushidagi qadimiy Termiz
So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonni Surxondaryo viloyatining qadimiy va navqiron shahri Termiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Bugun Termiz zamonaviy me’moriy inshootlari, ko‘p qavatli turar joylari, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, obod ko‘chalari hamda aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlari bilan tobora chiroy ochmoqda.
Shaharda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari uning me’moriy qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, aholining turmush farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, ko‘chalar va jamoat joylarini ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish, gulzorlar barpo etish, piyodalar yo‘laklari hamda dam olish maskanlarini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Zamonaviy me’morchilik va yashil hududlar uyg‘unligi shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlamoqda.
[gallery-31984]
E’tiborlisi, bu bunyodkorlik ishlari nafaqat shaharning tashqi qiyofasida, balki aholi uchun yaratilayotgan qulayliklarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Shu bilan birga, barpo etilgan yashil hududlarni asrab-avaylash, daraxtlarni parvarishlash va atrof-muhit ozodaligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun yangilanib borayotgan Termiz ko‘chalari, zamonaviy binolari, obod xiyobonlari va ko‘rkam manzaralari shaharda kechayotgan o‘zgarishlardan dalolat beradi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA