Yangilanayotgan Nurota
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihati shundaki, har bir hududning ehtiyojidan kelib chiqqan holda uni kompleks rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kundagi islohotlar infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanmay, balki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish, xavfsizlikni ta’minlash va hududlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omilga aylanmoqda.
Nurota tumanida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu yondashuvning yorqin namunasidir.
Bugungi kunda tuman markazidan Mustaqillik, Oqmachit va Bo‘diq mahallalari hududidan o‘tuvchi “Qizilqum halqa” avtomobil yo‘lining 56-59 kilometr qismida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Loyihada faqat avtomobil yo‘lini ta’mirlash emas, balki butun boshli muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani zamonaviy talablar asosida yangilash ko‘zda tutilgan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Orif Ohunjonov. – Jumladan, piyodalar yo‘laklari qurilmoqda, yomg‘ir suvlarini oqizish uchun suv lotoklari barpo etilmoqda hamda energiya tejamkor zamonaviy tungi yoritish tizimlari o‘rnatilmoqda. Bunday kompleks yondashuv yo‘llarning xizmat muddatini uzaytirish, transport harakati xavfsizligini ta’minlash va aholi uchun qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yomg‘ir suvlarini o‘z vaqtida chiqarish tizimining qurilishi yo‘l qoplamasining tez yemirilishiga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etib, ta’mirlash xarajatlarini ham qisqartiradi.

Mazkur loyiha yakunlangach, yo‘lda transport harakati yanada xavfsiz va qulay tashkil etiladi. Piyodalar uchun alohida, xavfsiz va zamonaviy yo‘laklar barpo etiladi. Zamonaviy tungi yoritish tizimi esa kechki paytlarda harakat xavfsizligini oshirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va aholi uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.
Eng muhimi, mazkur loyiha doirasida hududda 20 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 35 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri