Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquqlari ustuvor
Samarqand shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda aholining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan xabardorligini oshirishga qaratilgan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Advokatlar palatasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, ta’lim muassasalari olimlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, huquq himoyachilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari kordinatori vazifasini bajaruvchi Xans-Ulrix Im, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova va boshqalar oldindagi referendum jarayonlari, Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-11199]
– Targ‘ibot tadbirlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak ko‘pchilik faqatgina huquq va erkinlar haqida gapiryapti, – dedi Rustam Xolmurodov. – To‘g‘ri, yangilanayotgan Bosh Qomusimizda inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etilmoqda. Bunda yaqin yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilgan islohotlar qonuniy asosga ega bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, huquq va erkinliklar bilan birga fuqarolik burchini ham unutmaslik kerak. bugungi tadbirimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati, uning Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz rivojidagi ahamiyati va unga kiritilgan yangi normalarni keng jamoatchilikka to‘g‘ri va to‘liq yetkazishdan iborat. Davra suhbatida ishtirok etayotgan mas’ullar jarayonning ushbu jihatiga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Davra suhbati davomida yangilanayotgan Konstitutsiyani tayyorlash jarayonlari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Jumladan, jarayonda umumxalq muhokamasi orqali 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani va ularning aksariyati e’tiborga olinishi bilan birga, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganilib, olti turdagi ekspertizadan o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
– Konstitutsiya “inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslangan va unda barcha toifalarning – yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilar, hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etgan, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova. – Jumladan, Bosh Qomusimizning 28-moddasida agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda. Qiynoq va uning barcha shakllariga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston uchun bu juda muhim qadam. Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 98-moddasi ham bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga taalluqli bo‘lib, unda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilandi.
Davra suhbati davomida konstitutsiyaviy qonundan o‘rin olgan inson va bola huquqlari, ijtimoiy davlat, odil sudlov, advokatlar faoliyati, ekologik masalalar, fuqarolik jamiyatlari bilan ishlash kabi qator muhim masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA.