Yangiariqdagi yangi korxonalar
Davlatimiz rahbarining yaqinda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida tuman va shaharlarda yuzdan ortiq yangi loyihalar ishga tushirildi, qurilish ishlari boshlandi.
Ishga tushirilgan shunday loyihalardan biri “NKB Xolding” kompaniyasi ta’sischisi A.Qayumov tashabbusi bilan Samarqand tumani Yangiariq mahallasida tashkil etilgan gazoblok ishlab chiqarish zavodidir.

Xitoyning HONGFA kompaniyasi texnologiyalari asosida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan, qiymati 21 million dollar bo‘lgan loyiha uch yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Yiliga 420 ming kub metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada dastlab 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Zavod to‘liq quvvatga chiqqach, doimiy ish o‘rinlari 300 taga yetadi, shuningdek, 200 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 25 foizi eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy eksport yo‘nalishlari sifatida Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari belgilangan.
Yangiariqda tadbirkor tomonidan yana bir yirik loyiha – ohak ishlab chiqarish zavodi ham tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha gazoblok ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, xom ashyo zanjirini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2023-yilda boshlangan loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil etadi va uni joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Zavod yiliga 70 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, kunlik ishlab chiqarish hajmi 200 tonnani tashkil etadi. Mahsulotning 40 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanayotgan korxonada 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri