Yangi yilni yangi bogʻchada kutib olishdi
Karmana tumani Jaloyir hududidagi “Yuqori bugʻ” mahallasi aholisi, ayniqsa, bolajonlari yangi yilni har yilgidan koʻra koʻtarinki ruhda kutib olmoqda.
Karmana tumani Jaloyir hududidagi “Yuqori bugʻ” mahallasi aholisi, ayniqsa, bolajonlari yangi yilni har yilgidan koʻra koʻtarinki ruhda kutib olmoqda. Boisi bayram arafasida ushbu mahalla hududida 120 oʻrinli davlat-xususiy sherikchilik asosida “Lochin” maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib foydalanishga topshirildi.
4 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga bunyod etilgan zamonaviy bolajonlar maskani mahalla koʻrkiga koʻrk qoʻshish bilan birga 24 nafar yangi ish oʻrinlari tashkil etishga hissa qoʻshdi.
— Ushbu muassasa joylashgan manzil yaqin kunlargacha MTP traktorlari saqlanadigan joy boʻlib, qarovsiz va tashlandiq ahvolda edi, — deydi mahalla faxriysi Samad Bozorov. — Bu yerda shunday zamonaviy bino boʻladi desa hech kim ishonmasdi. Mana boʻlarkan-ku, obodlik, saranjom-sarishtalik va zamonaviylikdan kishi koʻzi quvnaydi. Nabiralarimizga shunday sharoit yaratib berayotgan Prezidentimizga, viloyatimiz rahbari va tadbirkorlarga rahmatlar aytsak arziydi.
— Ushbu taʼlim tashkilotini barpo va yoshlarni tarbiyalashni rahmatli otam Boboyor Rajabov rejalashtirgan edi, — deydi tadbirkor Sevdiyor Rustamov. — Lekin umr oʻlchovli emasmi rejasi amalga oshganini koʻrolmadi. Niyatini anglaganim uchun shu maskanni qurish uchun yelib-yugurdim. Bunda viloyat va tuman hokimliklari yaqindan yordam berishdi. Qolaversa, AT “Turon bank” tomonidan imtiyozli (1 foizli) 2,5 milliard soʻm kredit berilgani ishimizni jadallashtirdi. Kelgusida bu ishlarni rivojlantirib, davlat-xususiy sherikchilik asosida maktab ham qurishni rejalashtiryapmiz. Bu esa qishlogʻimiz yoshlarining har tomonlama bilimli boʻlib voyaga yetishiga hissa qoʻshadi, albatta.
— Oʻzim kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turaman, — deydi shu mahallada yashovchi Bahriniso Sapoyeva. — Bolajonlar uchun qurilgan maskanga ishga kirdim. Oladigan maoshim 800 ming soʻmni tashkil etib, bu roʻzgʻorimizni butlashga hissasini qoʻshadi. Buning uchun viloyatimiz rahbariyatiga va tadbirkorlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Ha, ushbu zamonaviy bolalar bogʻchasining qurilib foydalanishga topshirilgani muhtaram Prezidentimizning xalqimiz farovon hayotni kelajakda emas, bugun koʻrishi kerak, degan purhikmat soʻzlarining amaldagi ifodasi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Jaloyirliklarning bayramiga aylanib ketgan maskanning ochilish marosimida tuman hokimi Faxriddin Umarov ishtirok etib, yigʻilganlarga tuman miqyosida bu borada olib borilayotgan ishlar haqida toʻxtalib, bolalar maskani faoliyatiga oq yoʻl tiladi.
Baxtiyor TOSHNAZAROV,
Navoiy viloyati Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi.