"Yangi yilda "metrika"lik bo‘ldim"
Ostonadagi yangi yil mo‘’jizalarga boy.
Ayniqsa, ko‘pdan amalga oshmay yurgan yumushi bor odamning bu kundan umidi katta bo‘ladi. 20 yildan ortiq kutgan muammoning yangi yil oldi amalga oshgani chindan e’tirofga loyiq.
Navbahorlik Lolaxon Xo‘jayevaning ikki farzandi ham «metrika»siz ulg‘ayishdi. Biri 24 ikkinchisi 21 yoshda. Navbahor tumani FHDYO bo‘limi mudirasi Halima Nurmatovaning ta’kidlashicha, bolalar biror marta hujjat olishmagan. Ularda na maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma, na fuqarolik pasporti bor. Chunki, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bo‘lmasa hech birini olishning imkoni yo‘q-da. Berilgan huquqiy va amaliy ko‘mak bois, opa-ukalarning tug‘ilganlik guvohnomalari fuqarolik sudining qarori orqali qonuniy hal etildi. Xo‘sh, o‘zi aslida nima bo‘lgandi?
Ona 1996 va 1999 yillarda ikki bolasini ham uyida qo‘liga olgan. Tumanning olis cho‘l hududida istiqomat qilgani bois tug‘ruqxonaga borishga imkoni va sharoiti bo‘lmagan. Ikki bola maktabni ham hujjatsiz tamomlagan. Behruzbekning ta’kidlashicha, maktabni tugatgach, hatto biror bir ishga ham hujjatsizligi tufayli kirolmagan. Maftuna esa yillar davomida familiyasini Axmedova deb uylagan. Sud qaroriga ko‘ra, tiklangan nasl nasb esa ularga Xo‘jayevlar familiyasini berdi.
Yangi yil oldidan tug‘ilganlik guvohnomalarini olgan opa-ukalarning quvonchi cheksiz. Ular yillar davomida hujjatsiz va nasl nasabini bilmagani uchun hech kimdan ranjimagan. Biroq, hujjatsiz yurishning huquqiy oqibatlarini tushunganlari aniq.
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmati.