Yangi tabiat bog‘lari — ekotizimni asrash yo‘lida muhim qadam
Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash va kelajak avlodga sog‘lom ekotizimni meros qilib qoldirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va ularni samarali boshqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 25-martdagi tegishli qaroriga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti muassisligida 3 ta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etildi va bittasining yer maydoni kengaytirildi.
Xususan, Toshkent viloyatida “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar”, “Piskom” hamda Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘lari 188,8 ming gektar maydonda tashkil etildi. Shu bilan birga, Namangan viloyatidagi “Pop” milliy tabiat bog‘ining maydoni 10 ming gektardan 135,3 ming gektarga yetkazildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, so‘nggi yillarda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekotizimlarni asrash hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025–2026-yillar davomida 10 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududning yer maydoni kengaytirildi. Natijada ushbu hududlardagi noyob turdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi to‘liq muhofazaga olindi.
Ushbu hududlarni tashkil etish va kengaytirish orqali Piskom va Qurama tog‘ tizmalarida 27 turdagi noyob, 7 turdagi endemik hayvonlar, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 40 turdagi o‘simlik hamda Farg‘ona vodiysida yo‘qolib ketish xavfi ostidagi 24 turdagi hayvonlar va tabiat yodgorliklari saqlab qolinadi.
Shuningdek, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tizimidagi hududlar soni 24 tadan 27 taga ko‘paydi. Joriy yilning 30-mart holatiga ko‘ra, ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni O‘zbekiston Respublikasi hududining 15,7 foiziga yetkazildi.
Bundan tashqari joriy yilning 1-iyulidan boshlab muhofaza etiladigan tabiiy hududlar xodimlarining lavozim maoshi 3 barobargacha oshiriladi. Shu bilan birga, boshqaruv va soha xodimlariga maxsus unvon va farqlash belgilari berish tartibi joriy etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA