Yangi O‘zbekistonning yangi mahallasi
O‘zbek mahallasi bugun nafaqat qadriyatlar beshigi, balki Prezident tashabbuslari natijasida yangilanishlar manzili, islohotlarning boshlanish nuqtasi hamdir. Ushbu noyob ijtimoiy tuzilmaga yuksak e’tibor natijasida u qaddini ko‘tardi, insonlar hayotidagi ahamiyatini mustahkamladi. Bu orqali aholi yashash sharoitlari yaxshilanib, o‘z hayotlaridan minnatdorlik kayfiyati yuksalib bormoqda.
Farg‘ona viloyatining birgina “Yangi Quva” mahalla fuqarolar yig‘ini nomiga mos tarzda yangi davr, yangi turmush va yangi imkoniyatlar markazi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarga muvofiq maxsus dastur asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi. Bugun ushbu maskanga qadam qo‘ygan kishi bu yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, beixtiyor hayratga tushadi. Kechagina oddiy Qaqir qishlog‘i ko‘chalari bo‘lgan hudud bugun zamonaviy me’moriy yechimlar, obod ko‘chalar, tartibli infratuzilma va fayzli muhit bilan yashnab turibdi. Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallaga aylangan bu manzilga yangi nafas, yangi hayot kirib kelgan.
– Qadriyatlarimiz beshigi, bizning eng kichik vatanimiz bo‘lgan mahallaga e’tibor keyingi yillarda har zamondagidan yaxshi bo‘lganligi uchun har bir qishloq, har bir ko‘cha, har bir xonadon obod bo‘lib borayapti-da, – deydi shoira Zuhra Aliyeva. – Buni ko‘rib odamning ko‘zi quvonadi. “Qaqir” qishlog‘i der edik oldin. “Yangi Quva” degan bir mahalla paydo bo‘ldi. Endi bu yerdagi xonadonlarga kirsangiz, shahardagi xonadonlardan kam joyi yo‘q.

Hammayoq orasta, go‘zal. Inson o‘zi yashab turgan joyning go‘zal, obod bo‘lganini ko‘rsa, ilhomlanadi, ruhlanadi. Odamlar beparvo bo‘lmay qoldi oldingidek. Ko‘chalarda oldin ajriq bosgan joylar bo‘lsa, bugun gulzorlarga aylandi. Ariq bo‘ylari, yo‘l bo‘ylarini ko‘rsangiz, atirgullar, rayhonlar kishiga zavq beradi.
Yangi Quva mahallasiga kirishingiz bilan e’tiboringizni ozoda va ravon yo‘llar tortadi. Ikki yonda saf tortgan xonadonlar, obod hovlilar, ko‘kalamzorlashtirilgan hudud, kechasi charog‘on bo‘lib turadigan ko‘cha chiroqlari – bularning barchasi bu yerda inson uchun munosib yashash muhiti yaratishga asosiy e’tibor qaratilganini ko‘rsatadi.
Bugun mamlakatimizning ko‘plab hududlarida mahallalarga shahar muhitini olib kirish, infratuzilmani to‘liq yangilash, aholi uchun qulay turmush sharoitini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ushbu mahallada ham 30 dan ortiq tijorat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish binolari qiyofasi zamon talablari darajasida o‘zgardi. Ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilmoqda. Mahallaga ilk bor suvoqova tizimi olib kelindi. Bundan tashqari, 7 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Oqova suvi va ichimlik suvi ta’minoti uchun 5,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
– Juda qisqa fursat ichida eski Qaqir mahallasi tubdan o‘zgardi. Ko‘p qavatli uylar, bolalar uchun alohida sport maydonchalari, hashamatli, zamonaviy, eng oxirgi uslubda jihozlangan maktab, hatto universitetga qiyoslashadi maktabimizni ko‘rganlar, – deydi Quva tumani “Yangi Quva” MFY raisi Qobiljon Yunusov. – Bundan tashqari, to‘yxonalar, tomosha zallari, IT-parklar, ishlab chiqarish korxonalari, ko‘plab savdo, xizmat, maishiy xizmat shoxobchalari... Qiyoslasangiz, buncha ishlarning bir yilda bitta mahallada amalga oshirilishi oddiy ish emas-da. Yurtboshimizga rahmat. Bugun xalqimiz shukronalikda, duoda. Yurtboshimiz “O‘zgarishlarni mahalladan boshlashimiz kerak”, deb alohida ta’kidlagandi. Bugun ana shu qo‘ygan vazifalari mahallamizda aks etyapti.

Prezidentning san’at va ma’naviyatga e’tibori samarasi bugun Yangi Quva mahallasida ham o‘z aksini topdi. O‘zbek xalqining ardoqli farzandi, betakror iste’dod, “O‘zbekiston bulbuli” deya dunyoga tanilgan Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan barpo etilgan Tavakkal Qodirov izdoshlari maskani yoshlar uchun ilhom va iste’dod maktabiga, aholini birlashtiruvchi ma’naviyat dargohiga aylangan.
Yangi Quva mahallasida ertangi kunga ishonch qat’iy. Chunki har bir xonadonda baraka, har bir ko‘chada obodlik, har bir oilada yangilanishlardan mamnunlik kayfiyati hukm suradi. Tadbirkorlikka yo‘l ochilgan, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ko‘paygan, aholining daromad manbalari kengaygan. Eng muhimi, odamlar qalbida “Men ham shu yurt taraqqiyotining bir bo‘lagiman” degan faxr tuyg‘usi mustahkamlanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tOa04Xvlj_Q" title="Yangi O‘zbekistonning Yangi mahallasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Gulnora G‘iyosova,
Elyor Olimov (surat, video), O‘zA.