Yangi O‘zbekistonning yangi Farg‘onasi
Prezidentimiz rahnamoligida inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samarasini bugun har bir yurtdoshimiz o‘z hayoti misolida ko‘rmoqda. Hududlar qiyofasida yangilanishlar, bemisl bunyodkorliklar xalqimiz farovonligiga, yurt taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Farg‘onaga kelgan kishi buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi mumkin. Viloyatning eng chekka hududida ham Yangi O‘zbekiston nafasi seziladi, odamlar bilan gaplashsangiz shukronalikdan so‘zlaydi. Davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar yuzasidan bergan ko‘rsatmalari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Prezidentimiz o‘tgan yilning 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi, sanoatdagi ishlar hamda mahallalar hayoti bilan tanishib, hududlarning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash va aholi farovonligini oshirish uchun joylardagi mavjud salohiyatni ishga solish, aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida vazifalarni belgilab bergan edi.
Xo‘sh, o‘tgan bir yil davomida viloyatda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi.
Viloyatda joriy yilning yanvar-may oylari yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,5, xizmat ko‘rsatish hajmi 11,6, qurilish ishlari 8,3, asosiy kapitalga investitsiyalar 20,7, chakana savdo aylanmasi hajmi 8,1 foizga oshdi.
Aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida joriy yil uchun 328,5 mingta ish o‘rni yaratish belgilangan. Dastur doirasida joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 231,9 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. “Sayxunobod va Uychi tumanlari tajribasi”ni barcha hududlarda joriy etish, mahallalarda oilalar daromadini oshirish, ularni daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash hamda banklar ishtirokida kichik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlarining 41 ming gektar tomorqasi hamda uy xo‘jaligida 16 mingta loyiha paketlari va mikro loyihalar amalga oshirildi. 479 ta mahallada 27 ta yo‘nalishda kooperatsiyalar yo‘lga qo‘yildi. 9,3 mingta issiqxona tashkil etildi. Natijada 36 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlandi. Yil yakuniga qadar yana 62,1 ming nafar aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish belgilangan.

Viloyat faollari bilan yuzma-yuz muloqotda Farg‘onani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish taklifi bildirilgan edi. Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar samarasi sifatida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 53 ta mahalla fuqarolar yig‘inida birorta ham kambag‘al oila qolmasligiga erishildi.
Mahalla yettiligi harakati bilan joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 179 ming aholi ish bilan ta’minlandi. Shu tariqa 68 ming ishsiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, 85 ming nafari o‘zini o‘zi band qilganlar toifasiga kiritildi, 7 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladi hamda 17 ming hamyurtimizga ijara asosida yer ajratib berildi.
Bevosita mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra, shu yilning yanvar-may oylarida 10 mingdan ziyod odamga 180,8 milliard so‘m imtiyozli bank krediti ajratildi. Shuningdek, mahallada yashovchi 2 ming 350 nafar aholi vakillari subsidiya asosida 12,3 milliard so‘mlik mehnat qurollari, asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Oilaviy tadbirkorlik doirasida 2023 yilda 800 milliard so‘m kredit va 4,3 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Joriy yilda esa bu boradagi ishlarning ko‘lami yanada kengaymoqda.
Bugun Farg‘onaga xorijlik investorlarning qiziqishi yanada kuchaygan. Joriy yilning 6 oyi davomida 715 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bundan tashqari Farg‘onada 50 million dollarlik elektromobil ishlab chiqarish loyihasi, Germaniyaning 50 million dollarlik investitsiyasi, shuningdek, Yaponiya bilan hamkorlikda mehmonxona va yapon bog‘i bunyod etilyapti. O‘tgan yil viloyatda 150 ta 8 ming 500 xonadonli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 220 ta ko‘p qavatli uy-joylarni qurish rejalashtirilgan.
Farg‘ona shahridagi tosh-shag‘aldan iborat dashtda boshlangan Ekoshahar “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi yanada qizg‘in davom etmoqda. Loyihaning birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, umumiy maydoni 300 gektar bo‘lgan yangi shaharda bugungi kunda 2 ming 800 xonadondan iborat 75 ta ko‘p qavatli uylar qurib bitkazildi. Yil oxiriga qadar yana 1 ming 500 ta xonadonga ega 25 ta 12 qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.
Xitoylik investorlar tomonidan qiymati 25 million AQSH dollar bo‘lgan, Farg‘ona vodiysida yagona 30 qavatli muhtasham majmua qurilishi boshlandi. “ECO TOWER” binosidan mehmonxona, turar joy, savdo va ko‘ngilochar majmualar o‘rin oladi. Shuningdek, yaponiyalik investorlar tashabbusi bilan 3 gektar maydonda Yapon bog‘i va mehmonxonasi, bir gektar maydonda zamonaviy tibbiyot klinikasi qurilishiga kirishildi. Shveysariyaning “RABAT” kompaniya tomonidan 4,5 gektar yer maydonida zamonaviy savdo kompleksi qad ko‘taradi.
Farg‘ona tumani Damko‘l qishlog‘idan 14,2 kilometr toza ichimlik suvi, 7,5 kilometr yuqori kuchlanishga ega bo‘lgan elektr tarmoqlari tortildi. O‘z navbatida 11,2 kilometr yangi kanalizatsiya quvurlari ishga tushirildi. Istiqbolli loyihalar dasturiga ko‘ra, bu yerda yuzlab bolalar maydonchasi va o‘yingohlar, 10 ta bog‘cha va 6 ta maktab quriladi. 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasining ishga tushirilishi hisobiga 20 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Xonadonlarni issiqlik tizimi bilan ta’minlash maqsadida 21 ming megabayt quvvatga ega markazlashgan isitish qozoni qurildi. Ayni jarayonda 420 o‘rinli 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 990 o‘rinli 2 ta umumta’lim maktabi, 250 qatnov o‘ringa ega markaziy poliklinika qurilishi yakunlandi. Bu yerda 1,3 gektar maydonda O‘zbekiston Qahramoni, mashhur fermer Lolaxon Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi qurilishi yakunlandi. 70 gektar yerda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning o‘zida 35 ming tup, 20 xildan ortiq manzarali ko‘chat ekildi. E’tiborlisi, endilikda bunday ko‘chatlarni katta mablag‘ evaziga chetdan olib kelishga hojat qolmadi. Mutaxassislarimiz o‘zimizda mahalliy iqlim sharoitiga mos eng noyob ko‘chatlarni yetkazib berishni uddalamoqda.
Aholini maroqli hordiq chiqarishi, madaniy-ma’rifiy kecha, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 4 ming o‘rinli amfiteatr va unga uyg‘unlik kasb etgan sun’iy ko‘lda musiqali favvoralar o‘rnatildi. Ichki yo‘llarni boshqa hududlar bilan tutashtiruvchi halqa yo‘liga bog‘lash va jamoat transporti qatnovi bilan bog‘liq qulay shohbekatlar barpo etilmoqda.
Har bir ko‘p qavatli uy hovlisida bolalar va sport maydonchasi, Janubiy Koreya tajribasi bo‘yicha qurilgan o‘rindiqlar mavjud. Hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni saralash, qayta ishlash borasida boshqaruv servis kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro raqobat muhiti shakllantirildi. Yakunda aholiga sifatli va arzon xizmatlarini taklif etgan kompaniyalar bilan shartnoma imzolanmoqda. Har bir uyning oldida nogironligi bor shaxslar uchun maxsus panduslar o‘rnatilyapti. Birinchi qavatda kundalik foydalaniladigan jihozlar, bolalar velosipedlari, o‘yinchoqlarini saqlashga mo‘ljallangan maxsus joy hozirlanyapti. Bu xonadon egalarini kerakli jihozlarni har kuni yuqori qavatga olib chiqish va olib tushish bilan bog‘liq ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etadi.
Viloyatda bu kabi bunyodkorlik ishlari har bir shahar-tumanda amalga oshirilmoqda.
[gallery-18219]
Farg‘onaliklar qishloq xo‘jaligi sohasida katta tajribaga ega. Paxta va g‘alladan hosildorlik yildan-yilga oshmoqda. Mirishkor dehqonlari tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar bugun xorijda ham xaridorgir. Ta’kidlash joiz, bugungi kunda viloyatda fermer va dehqon xo‘jaliklari tasarrufida 51 ming 333 gektar mevali bog‘lar mavjud. Uning 4 ming 858 gektari keyingi yillarda barpo etilgan intensiv bog‘larni tashkil etadi. Viloyatda mevali bog‘lar yildan yilga ko‘payib borayotir. Xususan, birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatda eski bog‘larni yangilash hisobiga 852 gektar, yangi yerlarni o‘zlashtirish orqali 1000 gektardan ortiq mevali bog‘lar barpo etilishiga erishildi.
Bu borada olib borilgan tahlillarga ko‘ra, viloyatda shu yilning may-iyun oyida 200 ming tonnaga yaqin turli mevalar pishdi. Shundan kelib chiqib ushbu mahsulotlarning 47,4 ming tonnasini eksportga hamda 143,5 ming tonnasini ichki bozorga yo‘naltirish rejalashtirildi.
Viloyatda ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport kabi boshqa sohalarda ham salmoqli natijalarga erishilayotgani quvonarlidir. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning yangi Farg‘onasi farovonlik, taraqqiyot sari dadil odimlayapti.
Ma’sudjon Sulaymonov,
M.Qodirov (surat) O‘zA muxbirlari