Yangi O‘zbekistonning energetik kelajagiga qo‘yilgan tamal toshi
Ba’zan tarix kitoblariga kiruvchi voqealar balandparvoz shiorlar yoki tantanali bayonotlar bilan emas, balki oddiydek ko‘ringan bir harakat bilan boshlanadi. Jizzax viloyatining Forish tumanida O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki poydevoriga “birinchi beton” quyilishi ana shunday voqealardan biridir.
Chunki bugun Forish zaminiga quyilayotgan beton faqat navbatdagi qurilish inshootining emas, balki Yangi O‘zbekistonning uzoq yillarga mo‘ljallangan energetik mustaqilligi, sanoat qudrati va texnologik taraqqiyotining mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Jizzax viloyati Forish tumanida o‘tkazilgan ushbu rasmiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg shahridan onlayn tarzda ishtirok etib, mazkur yirik loyihaning strategik ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Tantanali marosimda “O‘zatom” agentligi bosh direktori Azim Ahmedxo‘jayev, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Andrey Petrov, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi hamda soha mutasaddilari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bir qarashda bu ramziy marosimdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa unda keyingi o‘n yilliklar taraqqiyotini belgilaydigan ulkan ma’no mujassam.
Bugungi dunyoda iqtisodiy qudrat, sanoat rivoji va aholi farovonligi, eng avvalo, energiya xavfsizligi bilan o‘lchanmoqda. Elektr energiyasiga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib borayotgan sharoitda O‘zbekiston ham o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan energetika sohasini diversifikatsiya qilish, muqobil va yuqori texnologiyali energiya manbalarini joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Forishda amalga oshirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasi ana shu uzoqni ko‘zlagan siyosatning amaliy ifodasidir.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-oktabrda qabul qilingan “2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasini atom energetikasi bilan ta’minlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi bosqichga asos solgan edi. Oradan o‘tgan vaqt mobaynida huquqiy baza yaratildi, xalqaro hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi, milliy kadrlar tayyorlash tizimi shakllantirildi. Bugun Forishda quyilayotgan “birinchi beton” aynan shu tizimli islohotlarning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Aslida bugungi tarixiy lahza bir kunda paydo bo‘lgani yo‘q.
2025-yil 12-oktabr kuni Forish tumanida reaktor quriladigan maydonda katlovan qazish ishlariga start berilgan edi. Mazkur bosqichgacha bo‘lgan besh yillik tadqiqotlar davomida gidrogeologik holat, seysmik xususiyatlar, iqlim sharoiti, tuproq tarkibi hamda ekologik omillar har tomonlama o‘rganildi.
–Bu maydon tasodifan tanlangan emas, – dedi AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov. – Hudud bo‘yicha ko‘p yillik kompleks tadqiqotlar o‘tkazildi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida har bir omil sinchkovlik bilan baholandi. Bugungi “birinchi beton” ana shu ulkan ilmiy va muhandislik ishlarining mantiqiy davomidir.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Andrey Petrovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha alohida ahamiyatga ega.
– Forishda qurilayotgan stansiya kelajak atom energetikasining namunaviy ob’ektlaridan biri bo‘ladi. Bu yerda to‘planadigan tajriba nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon atom sanoati uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Loyihaga muvofiq, har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan zamonaviy “RITM-200N” reaktorlari quriladi. Stansiyaning umumiy quvvati 330 megavattni tashkil etadi, – dedi A.Petrov.
Mazkur loyihaning ahamiyatini faqat megavattlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Bu yerda minglab muhandis va quruvchilar mehnat qilmoqda, yuzlab yosh mutaxassislar yangi kasblarni o‘zlashtirmoqda, mamlakatimizda ilgari bo‘lmagan yuqori texnologiyali muhandislik maktabi shakllanmoqda.
Darhaqiqat, Forishda barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi faqat energetika ob’ekti emas. U hudud taraqqiyotining yangi drayveriga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda Forish tumanida yangi sanoat korxonalari tashkil etildi, yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalari yangilandi, aholi bandligi ortdi. AES qurilishi esa bu jarayonlarni yanada tezlashtirmoqda.
–Umrim davomida tumanimizda bunday o‘zgarishlarni ko‘rmaganman, – dedi mehnat faxriysi Turg‘un Ko‘chkunov. – Ilgari yoshlar ish izlab uzoqlarga ketardi. Bugun esa ularning o‘z yurtida mehnat qilishi, kasb o‘rganishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu loyiha nafaqat bugun, balki farzandlarimiz va nevaralarimiz kelajagiga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, har qanday buyuk inshootning haqiqiy qiymati beton yoki metall hajmi bilan emas, inson hayotiga olib kirgan o‘zgarishlari bilan o‘lchanadi.
Forishda quyilayotgan “birinchi beton” mamlakatimiz energetikasi uchun yangi manba, iqtisodiyot uchun yangi imkoniyat, ilm-fan uchun yangi maydon, yoshlar uchun yangi istiqbol demak. Bu mamlakatning ertangi kuniga bo‘lgan mustahkam ishonchning ham poydevori sifatida tarix sahifalariga muhrlanadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Abdujalol Qayumov,
Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA