“Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari”
Bu yil mustaqilligimizning 35 yilligi keng shodiyona qilinadi. Shu maqsadda yurtimiz bo‘ylab qator yangi loyihalar, tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Yoshlarga istiqlolimizning mazmuni, ahamiyati, bu davrda erishilgan yutuq va marralar keng tushuntirilmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan joriy yilning iyun–avgust oylari davomida respublikamizdagi barcha bolalar oromgohlarida “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” shiori ostida madaniy-ma’rifiy loyiha o‘tkaziladi.
Loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida taniqli olimlar, ijodkorlar, targ‘ibotchilar, san’atkorlar va jamoat arboblari ishtirokida uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, kitobxonlik kechalari, intellektual o‘yinlar, ijodiy tanlovlar, konsert dasturlari hamda turli qiziqarli tadbirlar tashkil etiladi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishdan iboratdir. Shu maqsadda tashkil etiladigan tadbirlar orqali bolalarning mazmunli hordiq chiqarishiga, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini shakllantirishga ko‘maklashiladi.
M.Komilova, O‘zA