Yangi O‘zbekistonga yangi Konstitutsiya kerak
Andijonliklar mard, tanti va dangalligi bilan hamisha ajralib turishgan. Viloyatning qaysi shahar yoki qishlog‘iga bormang, dehqoni ham, olimu tadbirkori ham 30 aprelda bo‘lajak referendum haqida to‘lib-toshib gapirishmoqda. Yangi O‘zbekistonga yangi Konstitutsiya kerak edi, deydi ular.
Shu kunlarda referendum o‘tkazuvchi 2-Andijon okrugida ish qizg‘in. Har lahzada viloyat hududidagi 928 ta uchastka vakillari, xorijiy kuzatuvchilar, ovoz beruvchilar kelib turishibdi. Okrug komissiyasi esa har bir masala yoki murojaatni batafsil o‘rganib chiqib, yechimini topib bermoqda.
Ilgariroq referendum o‘tkazuvchi 928 ta uchastka komissiyasi tarkibiga 10184 nafar xalq orasidagi hurmat va e’tiborli insonlar kiritilgandi. Ular ovoz beruvchilar ro‘yxatini tuzish, ovoz berish uchun qulay shart-sharoit yaratishda fidoiylik ko‘rsatishdi. Biz qaysi ovoz berish uchastkasida bo‘lmaylik qonun talablariga javob beruvchi me’yorlarga mos shart-sharoitlar yaratilganini ko‘rdik.

Bu haqida biz bilan suhbatda referendum o‘tkazuvchi 2-Andijon okrugi komissiyasi raisi Komiljon Komilov shunday dedi:
– Fuqarolar ovoz berishi uchun talab darajasidagi va yetarlicha kabinalar o‘rnatildi. Uchastkalarda ovoz beruvchilar ro‘yxati bilan tanishish mumkin. Xorijga chiqib ketgan fuqarolar, referendumgacha 18 yoshga to‘ladigan yigit-qizlar ro‘yxati alohida shakllantirildi. Shunday qilib viloyatimizda 1 million 702ming 902 nafar fuqaro ovoz berish jarayonida ishtirok etishi aniqlandi. Har bir uchastkada nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berishi uchun alohida sharoitlar yaratildi. Jumladan, uchastka joylashgan bino va kirish yo‘laklariga panduslar, maxsus kabinalar o‘rnatildi.
Ko‘zi ojizlar uchun esa brayl alifbosidagi byulletenlar taxt qilib qo‘yilgan. Referendum o‘tkaziladigan kuni xizmat safari yoki boshqa sabablar tufayli yashash manzilida bo‘lolmaydigan fuqarolar uchun muddatidan avval ovoz berish tashkil etildi. 19-26 aprel kunlari viloyatimizda jami 20 ming 893 nafar fuqarolar muddatidan avval ovoz berdilar.

Referendumning ochiqligi, shaffofligini ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasining yo‘riqnomalari, uslubiy qo‘llanmalari har bir uchastka komissiyasi a’zolariga yetkazildi va ular uchun o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Bir so‘z bilan aytganda referendum o‘tkazuvchi 2-Andijon okrugi tarkibidagi 928 ta uchastkalar hammasi kutilayotgan siyosiy voqelik arafasida har tomonlama shay holatga keltirilgan.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat), O‘zA.