Yangi O‘zbekistonda yangi marralar sari
“Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi mamlakatimizdagi eng yirik mashinasozlik korxonalaridan biri hisoblanadi. Joriy yilda esa mazkur korxona tashkil etilganligiga 60 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHB direktori Jahongir Hayitov korxonada amalga oshirilgan loyihalar natijadorligi haqida muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi.
– Ayni paytda korxonamizda 3,5 ming nafardan ziyod turli millatga mansub ishchi-xodimlar, muhandis-texnolog, metallurg, mexanik, konstruktor va boshqa kasb egalari mehnat qilmoqda. Bugungi kunda ular tomonidan “NMZ” yorlig‘i ostida ishlab chiqarilayotgan metall va yog‘ochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik avtomobillar uchun murakkab detallar hamda boshqa yuqori sifatli mahsulotlar nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlarda ham tanilgan va yangi brend sifatida tan olingan.
Xususan, zavodda tayyorlanayotgan o‘ta yuqori aniqlikdagi yuksak sifatli metall konstruksiyalar, uskuna va jihozlar hamda turli o‘lchamdagi ehtiyot qismlariga talab tobora oshib bormoqda. Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bo‘linmalariga turli rusumdagi uskunalar, nostandart jihozlar, dastgohlar, kerakli ehtiyot qismlar, nasoslar, reduktorlar, berkitish armaturalari va konveyer roliklari yetkazib berilyapti. Istiqlolning dastlabki yillari barcha sanoat korxonalari singari “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHB uchun ham birmuncha sinovli davr bo‘lgani rost. Zotan, “hammasini kadrlar hal qiladi”, degan ibora bejiz aytilmagan bo‘lib, shu paytgacha zavod ishlab chiqarishida muhim o‘rin tutgan mutaxassis xodimlar boshqa millat vakillari edi.
[gallery-12716]
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, ular o‘z yurtlariga ko‘chib keta boshladi. Endi zavod mavqei va ishlab chiqarish sur’atini saqlab qolish milliy kadrlar salohiyatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Vatanini astoydil sevgan, hurlikdan ruhlangan yurtdoshlarimiz bu mas’uliyatni chuqur his qilgan holda izlandi, intildi. Natijada mustaqillikning ilk yillari zavod uchun haqiqiy rivojlanish davri bo‘ldi. Innovatsion loyihalarning amaliyotga joriy etilishi hisobiga nafaqat korxona quvvati, balki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va sifati ham yanada oshdi. Pirovardida mahsulot turlari 14,7 mingdan oshib, hozirda korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 1 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida keyingi besh yilda ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qabul qilingan dastur va investitsion loyihalar doirasida yangi gidrometallurgiya zavodlari qurish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Buning natijasida o‘z-o‘zidan “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHBda ishlab chiqariladigan import o‘rnini bosuvchi ehtiyot qismlar, nasoslar, nostandart uskuna va jihozlar, metall konstruksiyalar, yuqori bosim ostida ishlaydigan sig‘imlarga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin oshib boryapti. Bu esa mashinasozlarni yanada izlanishga, ixtirolar yaratishga undayotir. Keyingi yillarda izlanuvchan, yangilikka o‘ch jamoaning fidoyiligi bilan avval xorijdan sotib olingan 500 turdan ortiq mahsulotlarni zavod sexlarida ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga erishildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2017-2026 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli investitsiya dasturini amalga oshirish hisobiga NKMK bo‘linmalarining texnologik va kon uskunalari uchun ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabining ortishi munosabati bilan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida “NMZ” ICHBning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, “Mexanik yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash (I-bosqich)” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun jami 22,1 million AQSH dollari ajratilgan. Bugungi kunda sexga Janubiy Koreyaning Hankook kompaniyasi tomonidan 1 dona zamonaviy tokarlik-karusel stanogi, 1 dona gorizontal yo‘nish stanogi olib kelindi. Yil oxirigacha tish kesuvchi stanogi olib kelinadi. Shuningdek, Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 100 tonnali yuk ko‘tarish krani ham o‘rnatilib ishga tushirildi. Mexanik-yig‘uv sexining quvvatlarni oshirish to‘liq ishga tushirilganidan keyin hozirda import qilinadigan uskuna va jihozlarni, xususan og‘irligi 200 tonnadan 980 tonnagacha bo‘lgan 6 tagacha ruda maydalash tegirmonlari hamda yanchish mashinalari, nasoslar, quyultirgichlarni ishlab chiqarish va modernizatsiya qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Massasi 400 tonnagacha balandligi 8 va diametri 12 metrgacha bo‘lgan yirik o‘lchamli buyumlarga ishlov berish imkoniyatini beradi. Buning natijasida NKMK bo‘linmalarida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar asosida qurilayotgan gidrometallurgiya zavodlari va konlari (2-GMZ, 7-GMZ, 5-GMZ, 6-GMZ, Muruntau, Gujumsoy konlari) uchun nostandart jihozlarni va metall konstruksiyalarni o‘z vaqtida ishlab chiqarib yetkazib berishga erishildi.
Joriy yil boshida Quymachilik sexida 25 tonnalik yangi zamonaviy pech ishga tushirildi. Muhimi, ushbu pech uchun zarur qoliplash uskunasi bevosita zavodda tayyorlandi. 3 million dollar evaziga qurib, foydalanishga topshirilgan yangi pech quymachilik sexi ishlab chiqarish quvvatini 30 foizga, ya’ni 40 ming tonnaga yetkazish imkonini berdi. Avtomatik boshqaruvga ega pechda metall erishini to‘liq kuzatib borish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu mahsulotning yuqori sifatli bo‘lishini kafolatlaydi. Yana bir muhim jihati, sexda yangi pech o‘rnatilishi bilan 53 qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda zavodda mahalliylashtirish asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va valyutani tejash maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, yaqin-yaqingacha kombinat ehtiyoji uchun zarur sharli tegirmonlar juda katta valyuta hisobiga chetdan olib kelinayotgan edi. Misol uchun, hajmi 140 metr kub bo‘lgan sharli tegirmonning import narxi 5 million AQSH dollariga teng. 2020 yil dekabr oyida pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay, “NMZ” ICHBda ushbu o‘lchamdagi tegirmon ishlab chiqarildi. 2-gidrometallurgiya zavodi ehtiyoji uchun zarur bu tegirmonning o‘zimizda ishlab chiqarilishi bilan 2,5 million AQSH dollardan ortiq xorijiy valyuta tejab qolindi. Bundan tashqari, 2020 yilda investitsiya loyihasi doirasida 5-gidrometallurgiya zavodi uchun loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda zavod tarixida ilk marta “MSHR 21x30” metr sharli tegirmon ishlab chiqarildi. Hozirgi kunda sharli tegirmonlarning MSHS 32x45, MSHS 40x70, MSHS 55x75 qo‘shimcha turlari o‘zlashtirilgan.
Birlashmada 2020 yilda 743,9 milliard so‘mlik, jumladan, 481,9 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021 yilda 905,2 milliard so‘mlik, jumladan, 578,3 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi. 2022 yilda esa birlashmada yalpi mahsulot ishlab chiqarish rejasi 101,3 foizga bajarildi. 2021 yildagiga nisbatan 206 tonna ko‘p, ya’ni 30029 tonna quyma mahsulot ishlab chiqarildi.
Xullas, navoiylik mashinasozlar 60 yillik yubileyni ulkan yutuqlar va yorug‘ yuz bilan qarshi olmoqda.
Suhbatni A.Bo‘riyev yozib oldi.
Suratlar muallifi S.Aslonov, O‘zA