Yangi O‘zbekistonda xalqchil parlament: islohotlar, tashabbuslar va rivojlanish istiqbollari
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan Xalqaro parlamentarizm kuniga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda xalqchil parlament: islohotlar, tashabbuslar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari olimlari, tahlil markazlari ekspertlari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar sharoitida parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani, parlament diplomatiyasi mamlakat tashqi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surishda muhim vositaga aylangani ta’kidlandi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqaro parlament tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash, qonun ijodkorligi jarayoniga ilmiy-tahliliy yondashuvlarni keng joriy etish hamda parlament nazorati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Muhokamalar davomida ekspertlar tomonidan parlament diplomatiyasini rivojlantirish, davlat organlari, parlament va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, qonunchilik sifatini oshirishga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bunday muloqot maydonlari ochiq va xalqchil parlament faoliyatini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish hamda parlament faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA