Yangi O‘zbekistonda bayram shukuhi
Istiqlol xalqimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Istiqlol – har bir fuqaroning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishning mustahkam zaminidir.
Inson baxtli, erkin bo‘lishi uchun mustaqil bo‘lmog‘i kerak. Shu bilan birga mustaqillikning mazmun-mohiyatini anglab olish va yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazish zarur. Har bir inson mustaqillik degan so‘zning tub ma’nosini tushunib yetishi, bu so‘zning buyuk ne’mat ekanligini anglashi va unda naqadar ulug‘ ma’no yotganligini bilishi lozim.
1991 yilda Davlat mustaqilligi xalqimiz qaddini rostladi. Vatanga bo‘lgan qadr-qimmat va mehr-muhabbat ortdi. Sobiq Ittifoq davri mafkurasi asosida yo‘q qilingan milliy qadriyatimiz, muqaddas dinimiz, urf-odatimiz, an’anamiz yana xalqqa qaytarildi.
Ko‘xna tariximiz, boy moddiy va nomoddiy merosimiz, milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajakka daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz, istiqlol haqida gap ketar ekan, ma’rifatparvar jadidchilarimizni alohida e’tirof etish joiz. Avvalo, bu so‘zning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratsak. “Jadid” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “yangi” degan ma’noni bildiradi. “Yangi” ma’nosi, biz o‘ylagandek oddiygina ma’noni ifodalamay, balki “yangi tafakkur”, “yangi inson”, “yangi avlod” singari keng ma’nolarni o‘zida mujassam etganligini alohida ta’kidlash lozim.
Jadidlar yurtni obod va Vatanni mustaqil ko‘rishni orzu qildi, shu yo‘lda fidoyilarcha kurashdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimizning o‘rni nihoyatda katta. Shuning uchun ham bugun ularning hayot yo‘li va faoliyati yanada chuqur o‘rganilib, yosh avlodga yetkazilmoqda.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.
33 yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, keyingi 7-8 yilda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy hayotida tub islohotlar va burilishlar davri bo‘layotganligini bugun har bir fuqaro teran anglab yetdi.
Ayni kunlarda, mustaqilligimizning 33 yillik to‘yiga keng ko‘lamda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Respublikamizning har bir shahar va tumanlari, chekka qishloq joylarida bayramni yuqori, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, hududlarni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham fikrimiz isboti.
Qolaversa, joylarda davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligida aholi bilan keng qamrovli uchrashuvlar, suhbatlar tashkil etilib, mazkur tadbirlarda o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan murakkab yo‘lga yana bir bor nazar tashlab, amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlar xolisona baholanib, ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik, butun xalqimiz e’tiboriga yetkazishda poytaxtdan tashrif buyurgan Respublika targ‘ibot guruhi a’zolarining xizmatlari katta bo‘lmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida yurtboshimiz tomonidan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi ostida Jizzax viloyatining shahar va qishloqlarida, tuman va mahallalarida ham keng miqyosda amaliy ishlar bajarilmoqda.
Mazkur tadbirlarda poytaxtdan tashrif buyurgan Respublika targ‘ibotchilar guruhi a’zolari – olim, yozuvchi, shoir, san’atkor va madaniyat xodimlari ishtirokida “Ma’rifatli oila”, “Inson qadri”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Milliy birdamlik“, “Kino-karvon”, “Eng ma’naviyatli mahalla”, “Ziyolilar forumi”, “Mutolaa marafoni”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Uch avlod uchrashuvlari” hamda “Vatan madhi” nomli gala konsertlar uyushtirilayotgani va bu tadbirlarda fuqarolarning keng qamrovli ishtirokini alohida ta’kidlash joiz.
Bunday tadbirlar, aholi o‘rtasida vatanparvarlikni, yurtni sevish va undan g‘ururlanishish, tinch va osoyishta, to‘kin hayotimizdan rozi bo‘lish va shukronalik keltirish, o‘zaro mehr-oqibat, saxovatli bo‘lishlik, ayol va oilaga ehtirom, uni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish, ularning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik kabi tuyg‘ularni mustahkamlash, milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Iqboloy Umarova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA.