Yangi O‘zbekiston yoshlarining ijodiy loyihalari
Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi talabalar uchun filmlar tanlovini e’lon qilgan edi. “Renessans” kino uyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining “Yangi O‘zbekiston yoshlari” nomli kinoloyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Kinematografiya agentligi rahbariyati, Badiiy kengash a’zolari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

"Yangi O‘zbekiston yoshlari" nomi ostida tashkil etilgan ushbu ijodiy tanlov doirasida 20dan ortiq loyihaning taqdimoti tashkil etildi.
Talabalar jadidlar hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi qisqa metrajli film-vikipediyalar turkumi, "Bayroq hammaniki", "Vatan nima?" ijtimoiy roliklar turkumi, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi qisqa metrajli filmlar bo‘yicha loyihalarini taqdim qildilar.

Mazkur taqdimot milliy kino san’ati an’analarini saqlash va rivojlantirish, mamlakatda faoliyat olib borayotgan kino sohasidagi yosh kinoijodkorlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar orasida sog‘lom ijodiy raqobatni shakllantirish, diyorimizda faol kino muhitini yaratish maqsadida tashkil etildi.
N.Usmonova, O‘zA