Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati
Yoshlar oyligi doirasida bugun Samarqand shahrida shu shior ostida viloyat festivali o‘tkazilmoqda.
Bayram tadbirlari hokimlik, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, oliy ta’lim muassasalari va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan shahardagi Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.
So‘ngra Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i, viloyat yoshlar markazi, ta’lim mussasalari va madaniyat maskanlarida “Ma’rifat karvoni”, “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini, yosh rassomlar ko‘rgazmasi va boshqa madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari tashkil etildi.
Bayram tadbirlarida poytaxtdan kelgan taniqli shoir va yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etib, yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida so‘z yuritdilar. Faol va iqtidorli o‘g‘il-qizlar, nogironligi bo‘lgan yoshlarga kitoblar va boshqa esdalik sovg‘alari ulashildi.
Shahardagi "Vatanparvar" bog‘ida harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi, harbiylar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
[gallery-23981]
Bugun kechqurun samarqandlik yoshlar uchun katta konsert dasturi namoyish etish rejalashtirilgan.
Bu kabi yoshlar festivallari shu paytga qadar viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari