Yangi O‘zbekiston - yangi qo‘shnichilik
Markaziy Osiyo, jumladan, Afg‘oniston doimo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan.
Biroq, 2016 yil oxiridan boshlab mintaqaga yondashuv va munosabat tubdan o‘zgardi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganidan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikning yangi davri boshlandi. U qisqa muddat ichida mintaqaviy aloqalarni faollashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlana boshladi.
2017 yil avgust oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi” nomli xalqaro forumni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoning mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilar bilan do‘stlik, o‘zaro manfaat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlar o‘rnatishga samimiy intilishi ekanini alohida ta’kidladi.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega O‘zbekiston, shubhasiz, mintaqani barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirishdan manfaatdor. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan tortib, suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqamiz bilan chambarchas bog‘liq. Iqtisodiy jihatdan taraqqiy topgan, xavfsizligi ta’minlangan Markaziy Osiyo O‘zbekiston uchun eng asosiy maqsaddir. Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonning besh yillik davri mobaynida, Prezident Sh.Mirziyoyev davlatlar o‘rtasidagi ishonch darajasini oshirish va Markaziy Osiyoda mintaqaviylikni mustahkamlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi. U davlat rahbari bo‘lganining birinchi yilidanoq Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik darajasini ko‘tarishga yordam beruvchi yirik ishlarni amalga oshirdi. Xususan, 2017 yilda O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlari bilan 15 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuv va telefon muloqotlari o‘tkazdi, shuningdek, uchta davlat tashrifi (Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga) va ikkita ishchi tashrifni (Qozog‘iston va Turkmanistonga) amalga oshirdi.
Uzoq tanaffusdan so‘ng, qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi chegarani belgilash kabi murakkab jarayon tezlasha boshladi. Bundan tashqari, Prezident turli madaniy-gumanitar uchrashuvlar, ikki tomonlama biznes forumlar va hamkorlikning yangi formatlari tashabbusi bilan chiqdi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida havo va avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi, viza olish tartibi soddalashtirildi.
O‘zbekiston rahbarining amaliy harakatlari uning qo‘shnilarimiz o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatish niyati haqiqiyligini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi yangi yondashuvi tufayli, qo‘shnilar bilan iqtisodiy hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, mamlakatimizning 2017-2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rtacha yillik savdo aylanmasi 50 foizdan oshib 5,2 milliard dollarni tashkil etdi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, global pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi 5 milliard dollarga yetdi. Jumladan, O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2019 yildagi 12,4 foizdan 2020 yilda 13,6 foizga oshdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liqdir. Afg‘oniston doimo Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonni umumiy tarix, din, madaniyat va urf-odatlar hamda xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro savdoni rivojlantirish kabi manfaatlar birlashtiradi. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlariga Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘l bilan chiqish imkoniyatini yaratib, Janubiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘lashi mumkin.
Ushbu omillarni inobatga olgan holda, yangi O‘zbekiston Afg‘onistonga mintaqaviy muammolar, tahdidlar va qiyinchiliklar manbai sifatida emas, balki Yevroosiyo makonida keng trans-mintaqaviy aloqalarning rivojlanishiga tubdan yangi turtki beradigan noyob strategik imkoniyat sifatida qaray boshladi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida so‘nggi yillarda erishilgan siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi mintaqaning zamonaviy tarixida ijobiy burilish nuqtasini anglatadi.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitidagi mintaqaviy faollik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro foydali hamkorlik va yordam berish borasidagi harakatlar uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosat strategiyasining yaqqol tasdig‘ini topdi. Transport va logistika masalalarini o‘z vaqtida hal qilish, fuqarolarni qaytarish va gumanitar yordam ko‘rsatish O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ochiq va konstruktiv siyosatining natijasi bo‘ldi.
Yuqoridagilarni hisobga olib, O‘zbekistonning har bir Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama munosabatlariga e’tibor qaratmoqchimiz.
1. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik
Qozog‘iston O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2016 yildan beri o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Qozog‘iston oliy darajadagi uchrashuvlari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi.
So‘nggi yillarda oliy va yuqori darajalarda o‘tkazilgan muntazam tadbirlar tufayli ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi siyosiy iqlim, do‘stona muhit va qulay shart-sharoitlar yaratildi.
2016 yil sentyabr oyidan boshlab oliy darajada 3 ta davlat va 8 ta ishchi tashriflar amalga oshirildi. Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida jami 17 ta uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, davlat rahbarlari tomonidan ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam telefon muloqotlari o‘tkazilmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida va Qozog‘iston hududidagi fuqarolarimiz uchun tezkor xizmat ko‘rsatish uchun 2018 yil Olmaotada va 2019 yil Aktau shaharlarida O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonalari ochildi.
2018 yildan beri ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarning yangi mexanizmi - mamlakatlar o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi ishga tushirildi. Birinchi forum 2018 yil 15 noyabrda Chimkentda, ikkinchisi - 2020 yil 25-26 fevral kunlari Urganchda bo‘lib o‘tdi, ularning natijasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida 819,8 million dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Natijada, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorligi faollashdi. Xususan, 2016 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanma 1,81 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa 2019 yilda milliard dollargacha ko‘tarildi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollar darajasiga ko‘tarish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosi deyarli barcha sohalarni qamrab olgan 220 davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlardan iborat.
Mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik faollashmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan Qozog‘iston parlamenti bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi tuzildi. So‘nggi ikki yil mobaynida parlament delegatsiyalari almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 2019 yil iyun oyida Qozog‘iston parlamenti Majilis raisi N.Nigmatulin O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. 2019 yil noyabr oyida esa Senat Raisi T.Norboyeva Nur-Sultonga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik sezilarli darajada kuchaydi. 2018 yilda “Qozog‘istonda O‘zbekiston yili” va 2019 yilda esa “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” muvaffaqiyatli o‘tkazildi. “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” doirasida ikki mamlakatda 150 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.
Ikki davlat hududida tashkil etilayotgan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalari va yarmarkalarida mamlakatlarning sayyohlik tashkilotlari va kompaniyalari o‘zaro ishtiroki kengaymoqda.
O‘zbekiston mablag‘i hisobidan Turkiston shahrida 5 ming kishilik yangi masjid qurilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish va uning ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sirini oldini maqsadida hukumat darajasida o‘zaro hamkorlik olib borilmoqda. 2020 yil iyun oyi O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati Qozog‘istonga tibbiyot mahsulotlardan iborat gumanitar yuk jo‘natdi.
2. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik
bugungi kunda O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik sheriklikka ko‘tarildi. Bu borada, sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng, 2017 yilda Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari qayta tiklanganini inobatga olmaslik mumkin emas. Davlatlar chegarasining 85 foizi kelishib olindi, nazorat-o‘tkazish punktlarida muayyan mavjud cheklovlar bekor qilindi va Qirg‘izistonda gidroenergetika inshootlarini qurish, “Xitoy-Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, “Qoshg‘ar-Irkishtom-O‘sh-Andijon-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab yangi avtomobil yo‘lagini ochish borasida o‘zaro tushuncha va manfaat paydo bo‘ldi.
2018 yilda parlament delegatsiyalarining bir qator o‘zaro tashriflari, jumladan, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyaning Bishkekka amaliy tashrifi tashkil etildi.
Hukumat rahbarlari darajasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi yillar davomida ular Bishkek, Farg‘ona va O‘shda ikki tomonlama tadbirlar doirasida hamda Toshkent, Moskva, Sochi, Dushanbe, Qozon, Minsk va Cho‘lponotadagi ko‘p tomonlama sammitlar doirasida ham bir necha uchrashuvlari tashkillashtirildi.
Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlari amalga oshirilmoqda. Bu borada 2021 yil 12 martda Toshkentda imzolangan ikki mamlakat TIVlari o‘rtasida
2021-2022 yillarga mo‘ljallangan yangilangan hamkorlik dasturini ta’kidlashimiz mumkin.
Chegaralararo hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha hukumatlararo harakatlar rejasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, chegara hududlarida O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashining uchrashuvlari o‘tkazilmoqda, oxirgisi 2020 yil dekabr oyida Farg‘onada ikki davlat bosh vazirlari o‘rinbosarlari S.Umurzoqov va A.Novikov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida Toshkent va Bishkek, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Savdo-iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. 2020 yil natijalariga ko‘ra, ikki mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 903 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy hamkorlikka turtki berish uchun yuqorida qayd etilgan Kengash yig‘ilishining yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli, amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Protokolni imzoladilar. Ushbu protokol bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun 50 million dollarlik ustav kapitaliga ega qo‘shma investitsiya fondini yaratish mexanizmlari ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, 2020 yil 24 dekabrda videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy harakat rejasi “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Shuningdek, 2021 yil 26 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi va biznes Kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga import qilinayotgan 73 ta tovar mahsulotlariga aksiz solig‘i bekor qilindi va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasining yanada oshishiga olib keladi. Umuman olganda, bu boradagi hamkorlik salohiyati juda yuqori.
Shu bilan birga, madaniy-gumanitar aloqalarni sezilarli darajada faollashtirishga muvaffaq bo‘ldik. 2018 yilda Qirg‘izistonda Chingiz Aytmatovning 90 yilligi nishonladi. O‘zbekistonda ham bayram tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi. O‘zbekistonda Kirg‘iziston, Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Albatta, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat 2020 yildagi hamkorlik dinamikasiga o‘z ta’sirini va uning muammolarini bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilish zarurligini ko‘rsatdi. Bu yo‘nalishda mamlakatlar o‘zlarining birgalikdagi ishlarini sezilarli darajada bosqichma-bosqich amalga oshira oldilar. Shuningdek, an’anaviy do‘stlik
va o‘zaro yordam tamoyillariga amal qilgan holda, O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistonga bir necha bor yordam ko‘rsatganini, jumladan, Bishkek shahri va Botken viloyatining Qadamjoy tumanida modulli shifoxonalar qurilishini ham alohida ta’kidlash lozim.
3. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Tojikiston oliy darajadagi uchrashuvlarida tarixiy va misli ko‘rilmagan kelishuvlarga erishilganligi bilan ajralib turadi.
2016 yildan beri oliy darajadagi 2 ta davlat, 4 ta rasmiy va 3 ta ishchi tashriflar amalga oshirildi. Hammasi bo‘lib ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 10 dan ziyod oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam ravishda telefon muloqotlari o‘tkazmoqda.
2018 yil mart va avgust oylaridagi davlat tashriflari chog‘ida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan 53 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim va O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasining ayrim qismlari to‘g‘risidagi bitim kabi tarixiy hujjatlar shular jumlasidan.
Natijada, so‘nggi yillar davomida O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari izchil o‘sib borayotgan xarakterga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Tojikiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi yangi tahrirda imzolangan o‘zaro kelib-ketishlar to‘g‘risidagi bitim har ikki mamlakat fuqarolariga 30 kungacha viza talab etilmaslik imkonini berdi, ushbu hujjat odamlarga qulayliklar yaratdi va ishonch bag‘ishladi. Bitim turizmning “avtoturizm”, “ziyorat turizm”, “ekoturizm” va boshqalar kabi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishiga, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlik oqimining o‘sishiga yordam berdi.
Barcha 17 ta chegara punktlari faoliyat ko‘rsatishi tufayli har kuni O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidan o‘tuvchi fuqarolar soni sezilarli darajada oshib, kuniga 20 ming kishiga yetdi (2017 yilgacha 3000-3500 kishi edi). Bu, shuningdek, transchegaraviy savdoning faol rivojlanishiga yordam berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmaning misli ko‘rilmagan darajada o‘sishi kuzatilmoqda. Agar 2016 yilgacha yillik o‘zaro savdo hajmi 200 million dollar oralig‘ida bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilning oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich qariyb uch barobar oshib, 497 million dollarga yetdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2020 yil yakunlariga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 333,8 million dollarni tashkil etdi.
Ikki mamlakat hamkorligining huquqiy asoslari davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajalarda imzolangan 170 ga yaqin shartnoma va bitimlardan iborat. So‘nggi yillarda imzolangan O‘zbekiston - Tojikiston hamkorligining asosiy huquqiy hujjatlari – Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Tojikiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdir.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham sezilarli darajada faollashdi. 2020 yil mart oyida So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida o‘zbekistonlik mutaxassislar sa’y-harakati bilan maktab qurildi. 2019 yil noyabr oyida Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. 2018 yil 15 martda imzolangan mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni oshirishga yordam berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston teatr truppalari gastrol safari bilan Tojikiston shaharlariga bo‘lib, Tojikiston hududida tashkil etilgan turli tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda.
Koronavirus pandemiyasining ikki tomonlama aloqalarga salbiy ta’sirining oldini olish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2020 yil Tojikistonga tibbiyot va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat gumanitar yuk jo‘natildi. O‘z navbatida, Tojikiston Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishidan zarar ko‘rgan Sirdaryo viloyati aholisiga gumanitar yordam yubordi.
4. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik
So‘nggi davrda deyarli barcha sohalarda erishilgan aniq natijalar ikki tomonlama O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Davlatlararo munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Inauguratsiyadan so‘ng 2017 yil 6-7-mart kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk xorijiy tashrifini Turkmanistonga amalga oshirdi, bu mamlakat tashqi siyosatda betarafligini va Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvorligini jahon hamjamiyatiga namoyish etdi. Tabiiyki, bu ramziy qadam davlat rahbariyatining oqilona qarori edi. Hozirgacha mamlakatlar o‘rtasida 9 ta yuqori darajali tashriflar, jumladan, O‘zbekistonga 2 ta tashrif (2018, 2019 yillarda) va Turkmanistonga 7 ta tashrif (2017, 2018, 2019 yillarda uch marta va 2021 yilda ikki marta) amalga oshirildi.
So‘nggi yillarda oliy va yuqori darajalarda o‘tkazilgan muntazam tadbirlar tufayli mutlaqo yangi siyosiy iqlim, do‘stona muhit va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo aylanmasi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Pandemiya oqibatlariga qaramasdan ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik 2020 yil 527 million dollarni, 2021 yilning yarim yilligida esa 351,9 million dollarni tashkil etdi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2017 yil noyabr oyida Turkmanistonda (Ashxobod va Dashoguz shaharlarida) O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. 2018 yil aprel oyida Turkmaniston Prezidenti G.Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Toshkentdagi “Ashxobod” ko‘ngilochar bog‘i, Maxtumquli haykali va Xorazm viloyatidagi “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi hamda O‘zbek-Turkman do‘stlik uyi ochildi. 2018 yil Ashxobodda “O‘zbek kinosi kunlari”, Toshkent va Samarqand shaharlarida esa “Turkman kinosi kunlari” bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari ohirgi besh yil ichida sezilarli darajada o‘zgarib, rasmiy-protokol holatidan amaliy bosqichga o‘tdi.
Ikki tomonlama aloqa formatidan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari “5+1” formatida (Markaziy Osiyo-AQSH, Markaziy Osiyo-Xitoy, Markaziy Osiyo-Yaponiya, Markaziy Osiyo-Rossiya) ko‘p tomonlama hamkorlik platformalarida faol aloqalar o‘rnatib kelmoqda. Ushbu formatlar mintaqa mamlakatlari va ularning xorijiy sheriklari o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun muntazam muloqot qilishning zarur mexanizmi hisoblanadi, bu esa mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy va inklyuziv rivojlanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mintaqaning hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilishning muhim platforma bo‘lib, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil topgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hisoblanadi. Mintaqadagi barcha davlatlar unda ishtirok etishi ushbu platformaning kelajakdagi istiqbolidan dalolatdir. Maslahat uchrashuvining birinchi yig‘ilishi 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda, ikkinchisi – 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida va uchinchisi – 2021 yil avgust oyida Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tdi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada jadal rivojlantirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
- yuqori darajali tashriflarni tashkil yetish amaliyotini davom ettirish;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish;
- xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar (BMT, MDH, SHHT, IHT va boshqalar) doirasidagi pozitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash;
- qo‘shnilar bilan chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish masalalarini jadallashtirish;
- oliy darajada erishilgan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalardagi kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish;
- savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Xuqumatlararo komissiyaning qo‘shma yig‘ilishlarini o‘tkazish;
- tadbirkorlik tuzilmalari va chegaradosh hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;
- tranzit va transport sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha idoralararo qo‘shma takliflarni ishlab chiqish;
- mamlakatlar vakillarining mintaqa hududidagi davlatlarda o‘tkaziladigan madaniy-gumanitar tadbirlarda (festival, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari va boshqalarda) ishtirokini davom ettirish;
- yoshlar vakillari ishtirokida muntazam va keng ko‘lamli davlatlararo tadbirlarni tashkil etish (festivallar, forumlar, yozgi lagerlar va boshqalar);
- mamlakatlar hududida tashkil etiladigan xalqaro sayyohlik ko‘rgazma va yarmarkalarida sayyohlik tashkilotlari va kompaniyalarining o‘zaro ishtirokini ta’minlash.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi har bir qo‘shni davlat bilan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishi va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamladi va mintaqaning investitsion jozibadorligini kengaytirishga hissa qo‘shdi. Mintaqaviy integratsiya jarayonlarining asosiy drayveri bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro obro‘si va nufuzi mustahkamlana boshladi.
Sherzodbek Shavkatbekov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti