Yangi O‘zbekiston: o‘sish, imkoniyat va ochiqlik yo‘lida
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqi O‘zbekistonning yangi bosqichdagi taraqqiyot falsafasini aniq va tizimli ifoda etdi. Unda global iqtisodiy beqarorlik sharoitida barqaror o‘sishga erishish, investitsiyaviy jozibadorlikni mustahkamlash va inson kapitalini ustuvor yo‘nalish sifatida shakllantirish kabi masalalar chuqur tahlil qilindi.
Mazkur nutq kelgusi islohotlarning yo‘l xaritasi sifatida ahamiyatli bo‘lib, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichidagi strategik yo‘nalishlari, global iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvini namoyon etdi. Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, sanoat va texnologik rivojlanish sur’atlari, energetika va raqamli iqtisodiyotdagi islohotlar, shuningdek, inson kapitaliga asoslangan barqaror o‘sish modeli chuqur tahlil etildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston global iqtisodiy beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda ham barqaror o‘sishni ta’minlashga qodir bo‘lgan, institutsional islohotlarga tayangan va xalqaro kapital uchun ochiq davlat sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda.
So‘nggi o‘n yillikda iqtisodiyot hajmining 50 milliard dollardan
147 milliard dollargacha o‘sishi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi, tovar va xizmatlar eksportining qariyb uch barobarga oshishi mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning haqiqiy natijalarini aks ettiradi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston iqtisodiyotining faqat miqdoriy emas, balki sifat jihatdan ham yangi bosqichga chiqqanini tasdiqlaydi.
Nutqda alohida urg‘u berilgan asosiy yo‘nalishlar - sanoatni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymat zanjirlarini shakllantirish, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika transformatsiyasi va inson kapitali rivoji mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot modelini belgilab beradi.
Ayniqsa, “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari” tashabbusi, qo‘shma raqamli ekotizim va inson kapitalini rivojlantirish platformasi kabi takliflar O‘zbekiston mintaqaviy integratsiyaning faol tashabbuskoriga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bu tashabbuslar Markaziy Osiyoda yagona iqtisodiy, texnologik va logistik makon shakllantirishga xizmat qiladi.
Energetika sohasidagi islohotlar, jumladan generatsiya quvvatlarining sezilarli oshishi va qayta tiklanuvchi energiya ulushining 54 foizga yetkazilishi, shuningdek atom energetikasi bo‘yicha amaliy loyihalarning boshlanishi O‘zbekiston energetik xavfsizlik va “yashil transformatsiya” yo‘lida qat’iy harakat qilayotganiga misoldir.
Moliyaviy sektordagi islohotlar - suveren obligatsiyalar joylashtirilishi, Milliy investitsiya fondining London fond birjasidagi savdolari va Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishi - mamlakat kapital bozorining global tizimga integratsiyasini chuqurlashtirmoqda.
Shu bilan birga, nutqda inson omili markaziy o‘rin tutadi. Yosh va faol aholi, inson kapitaliga investitsiya, ta’lim va mehnat bozorini integratsiya qilish, aholi daromadlarining oshishi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining ijtimoiy yo‘naltirilgan modelini belgilab beradi.
Turizm, kreativ iqtisodiyot va madaniy - gumanitar hamkorlikka berilgan alohida e’tibor esa iqtisodiy hamkorlikni “ishonch iqtisodiyoti” darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi. Bu esa davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning faqat iqtisodiy emas, balki sivilizatsion mazmun kasb etayotganini anglatadi.
Umuman olganda, Prezidentimizning mazkur nutqini O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va ko‘pvektorli tashqi iqtisodiy siyosatini, shuningdek, innovatsiya, inson kapitali va mintaqaviy integratsiyaga asoslangan yangi taraqqiyot modelini to‘liq ifoda etgan strategik dasturiy bayonot sifatida baholash mumkin.
Mazkur nutq O‘zbekistonni global iqtisodiy tizimda faol tashabbuskor, ishonchli investitsiyaviy hamkor va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan davlat sifatida yanada mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etadi. Shuningdek, unda ilgari surilgan g‘oyalar amalda to‘liq ro‘yobga chiqarilsa, mamlakat nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham raqobatbardosh iqtisodiyot sifatida rivojlanadi.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.