“Yangi O‘zbekiston” massivi - Yozyovon ko‘rki
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston massivlarini qurish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Yuqori Soybo‘yi” MFY hududidan Marg‘ilon-Ulug‘nor yo‘li bo‘ylab 65,4 gektar yer maydoni ajratildi.

Ushbu hududda “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish, 138 ta ko‘p qavatli uy qurish va 3 ming 800 dan oshiq oilani turar joy bilan ta’minlash, kichik sanoat zonasi, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, madaniyat saroyi, yozgi amfiteatr, poliklinika, maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo do‘konlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan imzolangan reja-dasturga asosan ushbu yangi massivga navbatdagi press-tur tashkil qilindi. Respublika va mahalliy OAV vakillari tanishuvni massivda qad rostlagani 40-sonli umumta’lim maktabidan boshladilar.

21261,7 mln. so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan 5 qavatli maktabda o‘quv va fan-laboratoriya xonalaridan tashqari sport zali, oshxona va tashqi sport maydonlari mavjud. Barcha sinf xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Xuddi shunday, yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladigan 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti ham ko‘rkam qiyofasi, zamon talablariga mos sharoitlarga egaligi bilan tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Jurnalistlar uchun “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilish shtabida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda yangi massivning istiqboli, hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutadigan o‘rni haqida keng ma’lumot berildi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA