Yangi o‘quv yiliga – yangi talabalar turar joyi
Yangi – 2023-2024 o‘quv yili Jizzax politexnika instituti talabalari uchun yangi talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi bilan boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Jizzax viloyati va shahar hokimliklari, oliygoh professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Talabalar turar joyining tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurbayev, Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar oliy ta’lim tizimida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotganini, talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga hukumat miqyosida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– Mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovi kengayib, yoshlarimizning ilm olish uchun qulay shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining kontrakt to‘lovlari miqdorining o‘zgarishsiz qolishi, Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham fikrimizning yorqin isboti bo‘la oladi, deb o‘ylayman.
[gallery-13471]
–Hukumatimizning joriy yil 14 avgustdagi nomi yuqorida zikr etilgan 376-sonli qarori ijrosi doirasida viloyatimizda, jumladan, Jizzax politexnika institutida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi institut rektori, professor Alisher Usmonqulov. – Barcha qulayliklarga ega ushbu talabalar turar joyining foydalanishga topshirilgani bu ishlarga yorqin misoldir. Mazkur yotoqxonaga talabalar bilan tuzilgan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yilmoqda.
Jizzax shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “CENTRON” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan ushbu binoni 4 milliard 251 million so‘m mablag‘ evaziga tubdan rekonstruksiya qilish, jihozlash, moliyalashtirishni va keyinchalik xizmat ko‘rsatish majburiyatini zimmasiga olgan holda davlat-xususiy sherikligi asosida mazkur jamiyat quruvchilari tomonidan ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
“Yoshlik” MFYdagi umumiy maydoni 2816,6 kvadrat metrdan iborat hududda joylashgan 3 qavatli ushbu talabalar yotoqxonasi 318 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yotoqxonada kutubxona, kompyuter xonasi, oshxona va ochiq sport maydonchasi talabalar ixtiyoriga topshirildi.
Shuningdek, zamonaviy, qattiq va yumshoq mebellar, zarur uskunalar bilan to‘liq jihozlangan talabalar turar-joyida kir yuvish va quritish xonalari ham havas qilarli darajada ta’mirlangan.
Muxtasar qilib aytganda, barcha qulayliklarga ega yotoqxonaning yangi o‘quv yiliga quruvchilar tomonidan sovg‘a qilingani institut talabalari uchun ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA