Yangi o‘quv yilida natijalar yanada yaxshilanadi
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlangan tadbirda universitet rektori, professor Akramjon Yuldashev so‘z olib, barchani Vatanimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tabrikladi.
[gallery-13448]
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar hamda birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarning ota-onalari yurtimizda talaba-yoshlarning bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun berilayotgan keng imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanish, universitetda talabalarning o‘qishi, yashashi uchun yaratilgan sharoitlar xususida gapirdi. Yangi o‘quv yilida universitet jamoasi talabalarga bugungi kun talabi darajasida bilim berish, ilmiy-tadqiqot ishlari, umuman, barcha yo‘nalishlarda yanada yuqori natijalarga erishishi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan mehnat faoliyati davomida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarga ilm berish yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun bir guruh professor-o‘qituvchilarga viloyat hokimining faxriy yorliqlari topshirdi.
Shundan so‘ng universitet auditoriyalarida “Mustaqillik darsi” mashg‘ulotlari boshlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA