“Yangi Oʻzbekistonni birga quramiz“
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi ham saylovoldi jarayonlarida yangicha gʻoya, yangicha qarashlar bilan faol ishtirok etmoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi ham saylovoldi jarayonlarida yangicha gʻoya, yangicha qarashlar bilan faol ishtirok etmoqda.
Partiya Toshkent viloyati kengashi tomonidan Ohangaron shahrida “Yangi Oʻzbekistonni birga quramiz“ shiori ostida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Partiya gʻoya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida turli qiziqarli aksiyalar, taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari namoyishi shaklida oʻtkazilgan oʻziga xos targʻibot tadbirida partiya faollari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Joriy yil dekabr oyida Oliy Majlis Parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlar butunlay yangicha muhit, yangicha huquqiy sharoitda oʻtishi, ushbu siyosiy jarayonga partiya tomonidan har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilayotgani taʼkidlandi.
Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy gʻoya va vazifalar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berildi.
Taʼkidlash joizki, yangi Saylov kodeksi saylovning qonuniylik, shaffoflik, ochiqlik sharoitida oʻtishiga xizmat qiladi. Shu bois ushbu siyosiy jarayon oldidan partiyaning saylovoldi dasturi, siyosiy platformasi ishlab chiqilib, yangi gʻoyalar oʻrtaga tashlanmoqda. Bu galgi saylovda partiya “Davlat ham, islohotlar ham avvalo insonga xizmat qilish kerak”, degan gʻoya bilan oʻrtaga chiqmoqda. Dasturni esa kabinetda oʻtirib emas, partiya faollari, oddiy odamlar bilan bamaslahat yozishga eʼtibor qaratilgani muhim ahamiyatga ega.
Partiya qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquqi va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini taʼminlash, tadbirkorlik rivojlanishi yoʻlidagi barcha toʻsiq va cheklovlarni olib tashlash, “Biznesni yuritish”, global raqobatbardoshlik, innovatsiyalar, sanoatning raqobatbardoshligi indekslari boʻyicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashini taʼminlash, yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirishning istiqbollariga qaratilgan aniq vazifalarni qamrab olgan.
Partiya milliy qonunchiligimiz va xalqaro tajribani inobatga olgan holda, mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli boʻlgan yagona Investitsiya va Tadbirkorlik kodekslarini ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasini ilgari surmoqda.
Partiya siyosiy platformasida oʻz aksini topayotgan masalalardan biri – 2020- 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatish (servis) iqtisodiyotini rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqishdir. Ayni sohadagi muhim yoʻnalish Oʻzbekistonni jozibali jahon turizmi markaziga aylantirish, mamlakatni dunyoning sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan 10 ta davlatlari qatoriga kiritishdan iborat.
“Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi targʻibot tadbiri har qanday rasmiyatchilikdan holi tarzda ochiq maydonda oʻtkazilmoqda. Zero, partiya saylovoldi targʻibot tadbirlarini zerikarli, bir tomonlama maʼruza shaklida tashkil etish amaliyotidan voz kechib, erkin muloqot tarzida oʻtkazayotir.
Targʻibot tadbirida sanʼatkorlarning konsert dasturi ishtirokchilarga koʻtarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.