Yangi Namangan tumanida yangi ta’lim maskanlari va ijtimoiy loyihalar ishga tushirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Yangi Namangan tumanida qator yangi ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirilib, aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, tumanda zamonaviy ta’lim maskani — «Avicenna School» o‘z faoliyatini boshladi. 360 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur xususiy maktab tibbiyot, IT va xorijiy tillar yo‘nalishlariga ixtisoslashgan.
Loyihani amalga oshirish uchun 23,7 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan. Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
[gallery-31185]
Shuningdek, Tinchlik mahallasida tadbirkor Botirjon Dadaboyev tashabbusi bilan 75 o‘rinli «ALI-BO» xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti ham ish boshladi. Loyihaga 2,8 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilib, 17 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan.
Tumanda aholi uchun turli ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari ham tashkil etilmoqda.
Jumladan, «Oq saroy» majmuasida Istiqbol, Sherbuloq, Sohil va Kelajak tongi mahallalari tashabbusi bilan homiylar ko‘magida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida 10 nafar bolaning xatna to‘yi ham o‘tkazilib, ularga bayramona sovg‘alar ulashildi. Mahalla aholi uchun tashkil etilgan dasturxon va ko‘ngilochar chiqishlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Bunday ezgu tashabbuslar mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA