Yangi Namangan tumani tashkil etiladi
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahar bo‘ysunuvida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini bildirgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Ushbu taklif xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining hamda Namangan viloyati Kengashining qarorlari bilan ma’qullangan.
Yangi tuman tashkil qilinishi bilan sanoat va ishlab chiqarishdagi rolini oshirish bo‘yicha yangi tuman hududida 16 ta sanoat korxonalari va 4 ta kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalarida 245 mlrd. so‘mlik 62 ta loyihada 2600 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilanmoqda.
Ma’lumki, 2020 yilda Namangan viloyati Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumani tashkil etilgan edi. Qayd etish kerak, ayni paytda mazkur hududda yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilib, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada yaxshilanmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar ham aholi turmush darajasi yuksalishiga qulay shart-sharoitlar yaratadi, shu bilan birga, bandlikni ta’minlash, sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari sonini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda xalq vakillari Yangi Namangan tumanini tashkil etish bo‘yicha Qonunchilik palatasining qarorini bir ovozdan qabul qildilar.