“Yangi Namangan shaharchasi”da zamonaviy issiqlik tizimi barpo etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi Namangan shaharchasi” hududida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivini markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-martdagi “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hayotga tatbiq etilayotgan mazkur loyiha aholi uchun zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichida quvvati 25 megavatt bo‘lgan qozonxona qurilishi nazarda tutilgan. Bu maqsad uchun 37,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 22 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Ayni paytda qozonxona binosi qurilishi yakunlanish arafasida. Shuningdek, 2,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari ham tortildi.
Joriy yil yakuniga qadar loyihaning birinchi bosqichi doirasida 48 ta ko‘p qavatli uydagi 6500 xonadon, 3 ta oliy ta’lim muassasasi, 2 ta maxsus ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi hamda boshqa ijtimoiy ob’ektlarni markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulash rejalashtirilgan.
[gallery-30022]
Loyihaning ikkinchi bosqichida esa quvvati jami 60 megavatt bo‘lgan to‘rtta qozondan iborat yangi issiqlik manbaini qurish ko‘zda tutilgan. Buning uchun respublika byudjetidan 167 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, shaharcha hududidagi 240 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 18 ming 550 dan ortiq xonadon, 6 ta maktab, 6 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta shifoxona hamda o‘nlab ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari zamonaviy issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadi.
Mazkur loyiha aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish hamda shaharchaning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA