Yangi markaz — yangi imkoniyatlar
Ba’zan bir bino ortida butun bir hududning ertangi taraqqiyotiga daxldor niyat, maqsad va imkoniyatlar mujassam bo‘ladi. Jizzax shahrida foydalanishga topshirilgan “BMB Business Markaz” ana shunday loyihalar sirasiga kiradi.
Davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida eshiklarini ochgan mazkur zamonaviy majmua tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish va ta’lim yo‘nalishlarini bir nuqtada uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatli. Eng muhimi, bu yerda bunyodkorlikning faqat o‘zi emas, uning insonlar hayotiga olib kiradigan amaliy natijasi — ish o‘rinlari, zamonaviy xizmatlar, bilim va yangi kasbiy ko‘nikmalar uchun imkoniyatlar haqida gap ketmoqda.
Jizzax shahrining Navro‘z mahallasi, Sharof Rashidov ko‘chasida qad rostlagan besh qavatli biznes-markaz qurilishi 2025-yil avgust oyida boshlanib, bir yilda yakuniga yetkazildi. Qiymati 27 milliard 500 million so‘mlik loyiha BMB Holding kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Bosh pudratchi — “BMB High-Tech” korxonasi.
Bir qarashda bu raqamlar oddiy statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo uning zamirida xususiy tashabbusning hudud taraqqiyotidagi o‘rni, zamonaviy infratuzilmaga bo‘lgan talab va eng muhimi, odamlarga yaqin xizmatlarni yo‘lga qo‘yish istagi mujassam.
— Bugun tadbirkorlarga hukumat miqyosida alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasini yangi loyihalar, yaratilayotgan ish o‘rinlari va aholi uchun paydo bo‘layotgan qulayliklarda ko‘rish mumkin. Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu besh qavatli ob’ektning birinchi qavati savdo va maishiy xizmatlarga mo‘ljallangan. Qolgan to‘rt qavatida esa yoshlarning ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun o‘quv markazi tashkil etiladi. Bu, avvalo, yoshlarimiz kelajagiga qo‘yilgan sarmoyadir, — deydi mehnat faxriysi Akmal hoji Mamatqulov.
[gallery-31145]
Darhaqiqat, “BMB Business Markaz”ning o‘ziga xosligi ham shunda — u faqat biznes uchun joy emas. Majmuada tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Yuqori tezlikdagi internet va Wi-Fi, videokuzatuv, zamonaviy isitish-sovitish tizimlari, ikki tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega lift, 800 kvadrat metrlik avtoturargoh — bularning barchasi zamonaviy biznes muhitining ajralmas qismidir.
Birinchi bosqichda binoda “BMB Market”, SABER savdo belgisi do‘konlari hamda “Z BURGER” tez tayyorlanadigan ovqatlanish tarmog‘i ish boshladi. Demak, markazda savdo va xizmat ko‘rsatishning turli yo‘nalishlari bir-birini to‘ldirib, aholi uchun qulay muhit yaratadi.
Biroq loyihaning eng katta istiqboli yuqori qavatlarda boshlanadi. Ikkinchi bosqichda bu yerda zamonaviy o‘quv-ta’lim markazi va “Book Cafe” tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa biznes-markaz konsepsiyasini oddiy tijorat ob’ektidan ancha kengroq tushunish imkonini beradi.
Chunki bugungi raqobat muhitida binoning ko‘rkamligi yoki xizmat turlarining ko‘pligi yetarli emas. Zamonaviy taraqqiyotning eng katta mezoni — inson kapitali. Bilimli, kasb-hunarli, zamon talablarini anglaydigan yoshlar qancha ko‘p bo‘lsa, hududning iqtisodiy salohiyati ham shuncha yuksaladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, “BMB Business Markaz”da ta’lim yo‘nalishining alohida o‘rin egallashi tasodifiy emas. Bu yerda yoshlar va aholiga yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar berish, zamonaviy kasblarni egallash uchun qo‘shimcha sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Ya’ni bu maskanda savdo-sotiq bilan bilim, xizmat bilan taraqqiyot, tadbirkorlik bilan inson omili bir nuqtada tutashadi.
Jizzaxda qad rostlagan “BMB Business Markaz” ish boshlaydi. Endi uning haqiqiy samarasi bu yerda ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatida, bilim olayotgan yoshlar taqdirida, yaratilgan yangi ish o‘rinlarida va aholi hayotiga kirib keladigan qulayliklarda namoyon bo‘ladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari